Energetika sohasida individual ruxsatnomalar bekor qilinadi

eʼlon qilindi
Tariflar uchun yagona raqamli platforma ishga tushiriladi
Energetika sohasida individual ruxsatnomalar bekor qilinadi
Foto: Pexels

Energetika vazirligi tomonidan yoqilg‘i-energetika korxonalari va iste’molchilariga shartnomaviy, xizmat ko‘rsatish hamda boshqa xo‘jalik munosabatlari bo‘yicha individual tusdagi ruxsatnomalar berish amaliyoti bekor qilinadi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Gaz bozorini tartibga solish vakolati kengaytiriladi

Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi vakolatlari kengaytiriladi. Agentlik elektr energiyasi bilan bir qatorda tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minotida ham bozor tamoyillarini bosqichma-bosqich shakllantirish va tartibga solish bilan shug‘ullanadi.

Yoqilg‘i-energetika tarmog‘i korxonalari esa o‘z yo‘nalishiga qarab energiya resurslarini qazib olish, ishlab chiqarish, qayta ishlash, tashish, saqlash, uzatish, taqsimlash, yetkazib berish va sotish bilan bog‘liq tijorat faoliyatini amalga oshiradi.

Energetika nazoratida yangi model joriy etiladi

Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasining faoliyati ham o‘zgartiriladi.

Inspeksiya faoliyatida qoidabuzarliklarni sodir bo‘lganidan keyin aniqlashdan ko‘ra, ularning oldini olish, xavflarni erta aniqlash va profilaktika qilishga qaratilgan preventiv nazorat modeli ustuvor bo‘ladi.

Tariflar uchun yagona raqamli platforma ishga tushiriladi

2027-yil 1-iyuldan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi uchun yoqilg‘i-energetika sohasidagi yagona raqamli platforma joriy etiladi.

U orqali tartibga solinadigan korxonalarning tarif bo‘yicha arizalari, shuningdek, tariflarni hisoblash uchun zarur moliyaviy, texnik va boshqa ma’lumotlar elektron shaklda qabul qilinadi va qayta ishlanadi.

Tarif hisob-kitoblari Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan tartib asosida avtomatlashtiriladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekistonda energetika loyihalarini tanlash tizimi o‘zgarishi haqida yozgan edi.

Shuningdek