JSST: Dunyoda 2030-yilga borib 11 mln shifokor yetishmasligi mumkin

2030-yilga borib dunyoda 11,1 mln nafar tibbiyot xodimi yetishmasligi mumkin. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning yangi hisobotida ma’lum qilindi.
67 mamlakatda kelgusi o‘n yil ichida har uch shifokordan biri pensiyaga chiqishi kutilmoqda. Muammo, ayniqsa, Yevropa va boshqa yuqori daromadli davlatlarda sezilarli bo‘lishi mumkin.
Tashkilot hisob-kitobiga ko‘ra, ushbu mamlakatlarda tibbiy xizmatlarning hozirgi darajasini saqlab qolish uchun qo‘shimcha 832 ming nafar tibbiyot xodimi kerak bo‘ladi. Kadrlar yetishmovchiligi xorijlik shifokor va hamshiralarga talabni oshirib, kam daromadli mamlakatlardan malakali mutaxassislar oqimini kuchaytirishi mumkin. JSST hukumatlarni tibbiyot xodimlari yetishmovchiligini kamaytirish uchun zarur choralarni kuchaytirishga chaqirdi.
O‘zbekistonda ham shifokorlar yetishmayapti
Tibbiyot kadrlari tanqisligi O‘zbekistonda ham kuzatilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil avgust holatida Toshkent shahrining o‘zida 780 dan ortiq shifokorlik va qariyb 1 360 ta hamshiralik o‘rni bo‘sh turgan. Ayrim mutaxassisliklarda muammo respublika bo‘yicha ham sezilarli. Xususan, 520 ta akusher-ginekolog shtati bo‘sh, tibbiyot muassasalarida esa 687 nafar anesteziolog-reanimatolog yetishmaydi.
Shu bilan birga, vazirlik tibbiyot xodimlariga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash va bo‘sh ish o‘rinlarini kuzatish uchun kadrlar haqidagi ma’lumotlarni yagona elektron tizimda yuritishni boshlagan.
Avvalroq «Kursiv» Orolbo‘yida yiliga 9 800 nafar tibbiyot xodimini o‘qitadigan akademiya ishga tushirilgani haqida yozgan edi.