Kaspiydagi mashg‘ulotda 19 nafar harbiy oqib ketdi

eʼlon qilindi
Hozircha 9 nafar harbiyning halok bo‘lgani tasdiqlangan
Foto: Gov.kz

Qozog‘istonning Mang‘istov viloyatida Kaspiy dengizi sohilida o‘tkazilgan harbiy mashg‘ulotlar vaqtida 19 nafar harbiy xizmatchini to‘lqin dengizga olib ketdi. Ulardan 9 nafari halok bo‘lgan, yana uch kishi qutqarilgan. Bu haqda Tengrinews xabar berdi. 

Harbiylarni kuchli shamol dengizga olib ketgan

Qozog‘iston Mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, voqea 24-sentabr kuni Qozog‘iston Qurolli Kuchlari Harbiy-dengiz kuchlarining mashg‘ulotlari vaqtida yuz bergan.

Harbiylar Kaspiy dengizi sohilida o‘quv-jangovar vazifani bajarayotgan paytda ob-havo sharoiti keskin yomonlashib, shamol kuchaygan. Oqibatda 19 nafar harbiy xizmatchini to‘lqin dengizga olib ketgan.

Hozircha 9 nafar harbiyning halok bo‘lgani tasdiqlangan. Uch kishi qutqarilgan, ulardan biri shifoxonaga yotqizilgan. Qolgan harbiylarni qidirish ishlari davom etmoqda.

Qidiruvga harbiy-dengiz kuchlari va aviatsiya jalb qilindi

Qutqaruv operatsiyasida Qozog‘iston Harbiy-dengiz kuchlari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi bo‘linmalari, aviatsiya va boshqa tegishli xizmatlar ishtirok etmoqda.

Voqea sabablarini aniqlash hamda qidiruv-qutqaruv ishlarini muvofiqlashtirish uchun Mudofaa vazirligi komissiyasi hodisa joyiga yuborilgan.

Qozog‘iston Mudofaa vazirligi halok bo‘lgan harbiylarning yaqinlariga hamdardlik bildirib, ularning oilalariga zarur yordam ko‘rsatilishini ma’lum qilgan.

Vazirlik qo‘shimcha ma’lumotlar qidiruv operatsiyasi davomida ma’lumotlar tasdiqlangani bilan e’lon qilinishini bildirgan.

Avvalroq Pokiston Afg‘onistondan uchirilgan dronlar hujumiga javoban qo‘shni davlat hududidagi 10 ta obyektga havo va dron zarbalari berganini ma’lum qilgandi. Afg‘oniston tomoni esa zarbalar oqibatida tinch aholi orasida qurbonlar borligini iddao qilgan. 

Shuningdek