Maosh 2 ming yevro: Germaniyaga 800 nafar o‘rta tibbiyot xodimi ishga taklif qilinmoqda

O‘zbekistonlik o‘rta tibbiyot xodimlari «Globogate» dasturi doirasida Germaniya klinikalariga ishga taklif qilinmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Dastur bo‘yicha jami 800 ta bo‘sh ish o‘rni ajratilgan. Nomzodlar Germaniyaning turli hududlaridagi klinikalarda faoliyat yuritishi mumkin.
Maosh 1900 yevrodan boshlanadi
Ish vaqti haftasiga o‘rtacha 39 soat, kuniga esa 8 soatni tashkil etadi. Sinov muddati uch oy etib belgilangan.
Dastlab xodimlarga oyiga 1900 yevro maosh to‘lanadi. Kasbi Germaniyada tan olingandan keyin, ya’ni taxminan uch oy o‘tgach, maosh 2500 yevrogacha oshiriladi.
Kimlar qatnashishi mumkin
Dasturda 20–36 yosh oralig‘idagi, uch yillik tibbiyot kolleji diplomiga ega, sudlanmagan va sog‘lig‘i bo‘yicha ishlashga yaroqli nomzodlar qatnashishi mumkin.
Shuningdek, talabgorlar 10 oylik bepul nemis tili kursida o‘qishga tayyor bo‘lishi va ikki bosqichli tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tishi kerak.
Til kursi va boshqa xarajatlar qoplanadi
Loyiha doirasida nomzodlar uchun 10 oylik stipendiya, zamonaviy o‘quv binosida ta’lim va turar joy taqdim etiladi.
Bundan tashqari, B2 til sertifikati, hujjatlarni tarjima qilish va Germaniyada tasdiqlatish, viza, aviachipta hamda aeroportdan ish joyigacha transfer xarajatlari qoplanadi.
Germaniyada ishga joylashtirish jarayoni ham bepul amalga oshiriladi.
Ro‘yxatdan o‘tish boshlandi
Dasturda qatnashish istagidagi nomzodlar xorijdaish.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.
Ro‘yxatdan o‘tish uchun vakansiya sahifasi: https://xorijdaish.uz/vacancy?vacancy_id=1366
Avvalroq Kursiv Uzbekistan o‘zbekistonliklar Serbiyaga ishga taklif qilinayotgani haqida yozgan edi.