Mivi o‘zining ilk smartfonini taqdim etdi: narxi 150 dollar

24-sentabr 2026 15:06 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Mivi o‘zining ilk smartfonini taqdim etdi: narxi 150 dollar
Foto: Mivi/ Gizmochina

Mivi kompaniyasi o‘zining birinchi smartfoni — Mivi One 5G modelini taqdim etdi. Qurilma 6000 mA/soat batareya, 50 MP asosiy kamera va Snapdragon 4 Gen 2 protsessori bilan jihozlangan.

Smartfonning boshlang‘ich narxi $150 etib belgilangan. Dizayni, ayniqsa kamera blokining joylashuvi jihatidan, iPhone 16’ni eslatadi.

Snapdragon 4 Gen 2 va 8 GB tezkor xotira

Mivi One 5G 4 nanometrli Snapdragon 4 Gen 2 platformasida ishlaydi. Smartfon 8 GB gacha operativ va 128 GB ichki xotira bilan taklif etiladi.

Ishlab chiqaruvchining ma’lumotiga ko‘ra, qurilma AnTuTu testida qariyb 490 ming ball natija ko‘rsatadi.

Model Android 16 operatsion tizimida ishlaydi. Mivi smartfon uchun Android 18 versiyasigacha dasturiy yangilanishlar chiqarishni va’da qilmoqda.

90 Gts ekran va 50 MP kamera

Smartfon 6,745 dyuymli HD+ displey bilan jihozlangan. Ekranning yangilanish chastotasi 90 Gts bo‘lib, usti 2.5D himoya oynasi bilan qoplangan.

Orqa tomondagi asosiy kamera 50 MP sensor va PDAF avtomatik fokuslash tizimiga ega. Ikkinchi kamera modulining texnik xususiyatlari hozircha oshkor qilinmagan. Selfi va videoqo‘ng‘iroqlar uchun 8 MP old kamera o‘rnatilgan.

Neural Voice Engine qo‘ng‘iroqlardagi shovqinni kamaytiradi

Mivi One 5G’ning asosiy xususiyatlaridan biri ClearTalk tizimi bo‘ldi. U kompaniyaning Neural Voice Engine texnologiyasi asosida ishlaydi.

Tizim telefon orqali suhbat vaqtida transport shovqini, shamol, atrofdagi odamlarning ovozi va musiqa kabi begona tovushlarni kamaytirishga mo‘ljallangan.

6000 mA/soat batareya

Smartfon 6000 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan va 18 Vt quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi.

Mivi One 5G korpusining qalinligi 9,15 mm, og‘irligi esa 210 grammni tashkil etadi. Qurilma IP64 standartiga muvofiq chang va suv sachrashidan himoyalangan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 24-sentabrda iPhone 16’ga o‘xshash yangi smartfon taqdim etilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek