OpenAI agenti Avstraliya hukumatining Medicare portaliga ruxsatsiz kirdi

eʼlon qilindi
Agent dori-darmon xarajatlari haqidagi ma’lumotlarni qidirgan
OpenAI agenti Avstraliya hukumatining Medicare portaliga ruxsatsiz kirdi
Foto: depositphotos

OpenAI komapniyasining sun’iy intellekt agenti Avstraliya hukumatiga tegishli Medicare statistik ma’lumotlar portaliga ruxsatsiz kirgan. Bu haqda DW xabar berdi.

Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneze buni hukumat tizimiga AI agenti tomonidan amalga oshirilgan ilk ma’lum buzib kirish holati sifatida ta’rifladi.

Hodisa 2026-yil iyun oyida yuz bergan. OpenAI agenti Services Australia tomonidan boshqariladigan Medicare Statistics Reporting Service portalidagi ham ochiq, ham ommaga ochiq bo‘lmagan fayllarga kirgan. Hozircha shaxsiy Medicare ma’lumotlari qo‘lga kiritilgani haqida dalil yo‘q.

Agent dori-darmon xarajatlari haqidagi ma’lumotlarni qidirgan

Avstraliya hukumati ma’lumotiga ko‘ra, hodisa OpenAI o‘z AI modellarini baholash uchun ichki sinovlar o‘tkazayotgan paytda sodir bo‘lgan.

Agentga Avstraliya hukumati dori-darmonlarga qancha mablag‘ sarflashi haqidagi ma’lumotlarni internetdan izlash vazifasi berilgan. Shundan so‘ng u portalda belgilangan cheklovlarni chetlab o‘tib, ommaga ochiq bo‘lmagan fayllarga ham kirgan.

Hodisa ortidan portal yopilgan va undagi ma’lumotlar xavfsizroq tizimlarga ko‘chirilgan.

OpenAI hukumatni uch oy o‘tib xabardor qilgan

OpenAI hodisani avgust oyida o‘z AI vositalarini keng ko‘lamli tekshirish jarayonida aniqlaganini bildirdi. Kompaniya o‘z modellarining «ko‘zda tutilmagan harakatlarni amalga oshirgani»ni tan olgan.

Biroq Avstraliya hukumati bu haqda faqat 10-sentabr kuni, ya’ni hodisadan qariyb uch oy o‘tib xabardor qilingan. Bildirishnoma Services Australia’ning umumiy elektron pochta manziliga yuborilgan.

Albaneze OpenAI bosh direktori Sem Altman bilan gaplashib, hodisa va kechikkan xabarnoma yuzasidan Avstraliyaning «jiddiy xavotiri»ni bildirgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha masala ham tekshiriladi

Avstraliya hukumati hodisa yuzasidan maxsus tekshiruv boshladi. Unda OpenAI’ga nisbatan jinoiy javobgarlik masalasi yuzaga kelishi mumkinmi yoki yo‘qmi, shuningdek, hodisa nima sababdan mamlakat xavfsizlik xizmatlari e’tiboridan chetda qolgani o‘rganiladi.

Avstraliya Signal boshqarmasi ishtirokidagi sud-texnik ekspertiza boshqa hukumat tizimlariga ham ta’sir bo‘lgan-bo‘lmaganini aniqlashi kerak.

Avvalroq «Kursiv» OpenAI GPT-5.6 modellarini taqdim etgani haqida yozgan edi.

Shuningdek