O‘zbekiston turistlar oqimi bo‘yicha Yevropada yetakchi davlat bo‘ldi

O‘zbekiston 2026-yilning birinchi yarmida xalqaro turistlar oqimi o‘sishi bo‘yicha Yevropa yo‘nalishlari orasida eng yuqori natijani qayd etdi. UN Tourism ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatga kelgan xorijiy sayyohlar soni 2025-yilning shu davriga nisbatan 25 foizga oshgan.
BMT Turizm tashkilotining World Tourism Barometer hisobotida O‘zbekiston va Moldova 25 foizlik o‘sish bilan eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan. Keyingi o‘rinlarda Malta 18%, Gretsiya, Armaniston va Irlandiya 15 foizlik o‘sish bilan qayd etilgan.
Olti oyda O‘zbekistonga 6,6 mln turist keldi
2026-yilning yanvar–iyun oylarida O‘zbekistonga 6,6 mln nafardan ortiq xorijiy turist tashrif buyurgan.

Hisobotga ko‘ra, shu davrda dunyo bo‘ylab qariyb 690 mln xalqaro turist qayd etilgan. Global turizm oqimi 0,4 foizga, Yevropada esa 3 foizga oshgan.
Shu fon’da O‘zbekistonning 25 foizlik o‘sishi ancha yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
2030-yilgacha 20 mln turist jalb qilish rejalashtirilgan
Turizm qo‘mitasi bu o‘sishni transport aloqalarining kengayishi, mamlakatga kirish tartiblarining soddalashtirilishi, yangi turistik mahsulotlar va O‘zbekistonni xalqaro bozorlarda targ‘ib qilish bilan izohlamoqda.
O‘zbekistonda 2030-yilgacha xorijiy turistlar sonini yiliga 20 mln nafarga yetkazish maqsad qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Lotte Group O‘zbekistondagi turizm markazlarini boshqarishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.