Paxta uchun yangi subsidiya: fermer va klasterlarga har tonna uchun 500 ming so‘m beriladi

Birjada paxta sotgan fermer va uni sotib olgan klaster har tonna uchun 500 ming so‘mdan subsidiya oladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda e’lon qilindi.
Shuningdek, o‘z yerida paxta yetishtirgan klasterlarga har gektar uchun 1,5 mln so‘mdan subsidiya ajratiladi. Bu choralar tashqi bozorda paxtaga talab pasayishi va eksport logistika xarajatlari oshib borayotgani fonida fermerlar, klasterlar hamda tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Eksportchilarning kredit foizlari qoplanishi mumkin
Mutasaddilarga tayyor mahsulot eksportchilarining xorijiy valyutadagi kreditlari bo‘yicha 5 foizdan, milliy valyutadagi kreditlari bo‘yicha 14 foizdan yuqori foiz xarajatlarini uch yil davomida kompensatsiya qilish yuzasidan hisob-kitoblar kiritish topshirildi.

Marketpleys orqali savdoga 3% qaytarilishi mumkin
Bundan tashqari, yig‘ilishda marketpleyslar orqali sotilgan mahsulot qiymatining 3 foizini tadbirkorlarga qaytarish bo‘yicha takliflar tayyorlash topshirildi. Bu chora hozircha taklif bosqichida bo‘lib, uning aniq tartibi va kimlarga tatbiq etilishi keyinroq belgilanadi.
Avvalroq «Kursiv» fermerlar buxgalteriya va hisobot xizmatlaridan bepul foydalanishi mumkinligi haqida yozgan edi.