Pensiya islohotiga doir fikr-mulohazalar soni 1,5 mingga yaqinlashdi

eʼlon qilindi
Pensiya yoshini oshirishga qarshi fikrlar davom etmoqda
Pensiya islohotiga doir fikr-mulohazalar soni 1,5 mingga yaqinlashdi
Foto: depositphotos

O‘zbekistonda pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha farmon loyihasi jamoatchilik muhokamasida qolmoqda. Muhokama joriy yilning 30-sentabrida tugaydi. Loyiha yuzasidan bildirilgan fikr-mulohazalar soni 24-sentabr soat 11:00 holatiga qariyb 1,5 mingga yaqinlashdi. So‘nggi izohlarda pensiya yoshini oshirishga qarshi fikrlar bilan birga, islohotning ayrim bandlarini ma’qullayotganlar va muqobil takliflar bildirayotganlar ham bor.

Loyihaga ko‘ra, 2028-yildan pensiya yoshini har yili uch oydan oshirib borish va 2039-yilga kelib erkaklar uchun 63 yosh, ayollar uchun 58 yosh etib belgilash taklif qilinmoqda.

Jamoatchilik muhokamasidagi izohlar sotsiologik so‘rov hisoblanmaydi va butun aholi fikrini ifodalamaydi. Biroq ular islohotning qaysi bandlari ko‘proq muhokama qilinayotganini ko‘rsatadi.

Pensiya yoshi

Shuningdek, o‘qing: Pensiya islohoti: odamlar qanday fikrda

So‘nggi izohlarda pensiya yoshini oshirmaslik, amaldagi chegarani saqlab qolish yoki ayrim toifadagi fuqarolarga avvalroq pensiyaga chiqish imkonini berish haqidagi takliflar uchramoqda.

Fuqarolar bunga sog‘liq holati, uzoq yillik mehnat staji va yoshlar uchun ish o‘rinlari masalasini sabab sifatida keltirmoqda. Ayrimlar uzoq yillar ishlagan ayollar uchun bir yil oldin pensiyaga chiqish imtiyozini saqlab qolishni taklif qilgan.

Pedagoglar masalasi ham alohida ko‘tarilmoqda. Muhokama ishtirokchilaridan biri kamida 25 yillik pedagogik stajga ega xodimlarga umumiy pensiya yoshidan besh yil oldin pensiyaga chiqish huquqini berishni taklif qilgan.

Boshqa izohlarda esa ishlayotgan pensionerlar o‘rniga yoshlarni ish bilan ta’minlashga ko‘proq e’tibor qaratish kerakligi aytilmoqda. Ayrim fuqarolar pensiya yoshini oshirishning o‘rniga uni kamaytirishni ham taklif qilgan.

Islohotning ayrim bandlari ma’qullanmoqda

Shu bilan birga, loyihani to‘liq yoki qisman qo‘llab-quvvatlayotgan fikrlar ham ko‘paygan.

Xususan, pensiya yoshini birdan uch yilga emas, har yili uch oydan bosqichma-bosqich oshirish ayrim muhokama ishtirokchilari tomonidan ma’qullangan. O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga homiladorlik va kasallik nafaqalarini to‘lash bo‘yicha taklif ham ijobiy baholangan.

Shuningdek, pensiyani hisoblashda inobatga olinadigan ish haqi davrini besh yildan bosqichma-bosqich 20 yilgacha kengaytirish ham bir qator fuqarolar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini kengaytirish, fuqarolarning shaxsiy jamg‘armalariga davlat tomonidan qo‘shimcha mablag‘ ajratilishi haqidagi takliflar ham ma’qullangan. Masalan, muhokamada ish haqining 5 foizini ixtiyoriy ravishda jamg‘armaga o‘tkazgan fuqaroga davlat tomonidan qo‘shimcha mablag‘ berilishi ijobiy baholangan.

Pensiyani hisoblash tartibini o‘zgartirish bo‘yicha takliflar bor

Shuningdek, o‘qing: O‘zbekistonda yangi pensionerlarning 61 foizi to‘liq stajsiz qolmoqda

Muhokama ishtirokchilari loyiha bandlariga o‘z variantlarini ham taklif qilmoqda.

Jumladan, ayrim fuqarolar pensiyani hisoblash uchun 20 yillik davrni to‘liq olish o‘rniga, shu davr ichidan eng maqbul yillarni tanlash imkonini berishni taklif qilgan. Yana bir taklifda hisob-kitobdan chiqarib tashlanadigan eng past daromadli davr ulushini 10 foizdan 20 foizgacha oshirish va uzoq muddatli inflyatsiyani hisobga olish zarurligi qayd etilgan.

Boshqa takliflarda pensiyaga chiqishni kechiktirgan fuqarolarga har olti oy uchun qo‘shimcha imtiyozlar berish, pensiya miqdorini oshirib borish va ishlashni davom ettirishni ixtiyoriy qilish taklif etilmoqda.

Jamg‘arib boriladigan pensiya va raqamlashtirish ham muhokamada

Fuqarolar «Pensiya» mobil ilovasida kelajakdagi pensiya miqdorini hisoblash, jamg‘armalarning o‘sishini ko‘rish hamda daromad va xavfni taqqoslash imkonini beruvchi xizmatlarni joriy etishni ham taklif qilmoqda.

Bundan tashqari, jamg‘arib boriladigan pensiya mablag‘laridan og‘ir kasallikni davolash yoki ipoteka kreditining boshlang‘ich badali uchun foydalanish imkoniyati ham ijobiy fikrlar olgan.

Hozircha taklif etilayotgan o‘zgarishlar yakuniy qaror emas. Farmon loyihasi jamoatchilik muhokamasida bo‘lib, fuqarolardan kelib tushayotgan taklif va e’tirozlar ko‘rib chiqilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan nafaqa miqdorini oshirish yo‘llari haqida ma’lumot bergandi.

Shuningdek