Qirg‘izistonda prezidentlik saylovi qachon o‘tkazilishi ma’lum bo‘ldi

Qirg‘iziston parlamenti – Jogorku Kenesh 24-sentabr kuni navbatdagi prezidentlik saylovini 2027-yil 27-yanvar kuni o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi. Saylov chorshanba kuniga to‘g‘ri keladi va qonunchilikka ko‘ra, bu kun dam olish kuni hisoblanadi.
Saylov kuni ishchilarning o‘rtacha ish haqi saqlanadi
Qirg‘iziston qonunchiligida prezidentlik saylovi ovoz berish kuni dam olish kuni ekani belgilangan. Ovoz berishda ishtirok etganini tasdiqlagan xodim uchun ushbu kun bo‘yicha o‘rtacha kunlik ish haqi saqlanadi.
Saylov kuni ishlashga jalb qilingan xodimlarga esa dam olish kunlaridagi mehnatga haq to‘lash tartibi qo‘llanadi.
Saylov sanasi nima uchun 27-yanvar
2026-yilda Qirg‘iziston saylov qonunchiligiga o‘zgartirishlar kiritilib, navbatdagi prezidentlik saylovlarini yanvar oyining to‘rtinchi chorshanbasida o‘tkazish belgilangan.
Amaldagi prezidentlik vakolati 2027-yilda yakunlanishi munosabati bilan yangi tartib bo‘yicha saylov sanasi 27-yanvarga to‘g‘ri keladi.
Avval prezidentlik saylovlarini yanvar oyining to‘rtinchi yakshanbasida o‘tkazish tartibi amal qilgan. Keyinchalik qonunchilikka o‘zgartirish kiritilib, ovoz berish kuni chorshanbaga ko‘chirildi.
Nomzodlar uchun talablar qanday
Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, prezidentlikka nomzod mamlakat fuqarosi, kamida 35 yoshda, davlat tilini biladigan va respublikada jami kamida 15 yil yashagan bo‘lishi kerak.
Nomzodlar soniga cheklov yo‘q. Prezidentlikka nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tish uchun umumrespublika rivojlanish dasturini taqdim etish hamda kamida 30 ming nafar saylovchining imzosini to‘plash talab etiladi.
Saylov jarayoniga tayyorgarlik boshlangan
Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi 2026-yilning avgustida prezidentlik saylovlari uchun masofadan ovoz berishni tashkil etish va nomzodlarning hujjatlarini qabul qilish tartiblariga oid nizomlarni tasdiqlagan.
Avvalroq Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov sobiq davlat mulozimi Qamchibek Tashiyev bilan munosabatlari haqida gapirib, uning boshqa davlat lavozimiga tayinlanishi rejalashtirilmaganini ma’lum qilgandi.