Ronaldu uni yo‘q qilmoqchi bo‘lganlarni tilga oldi

eʼlon qilindi
Buning uchun faqat ov miltig‘i yetarli bo‘ladi
Foto: Record

Portugaliya terma jamoasi sardori Krishtianu Ronaldu o‘ziga bildirilayotgan tanqidlarga munosabat bildirdi. 41 yoshli futbolchi ayrim media kanallari uni obro‘sizlantirishga urinayotganini aytib, bunday hujumlarga e’tibor bermasligini ta’kidladi. Ronaldu bu haqda 23-sentyabr kuni Portugal Football Summit doirasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida gapirdi.

«Men 100 foiz ochiq gapira olmayman, ba’zida siyosiy jihatdan to‘g‘ri bo‘lishim kerak. Ko‘p yillardan beri futbol o‘ynayman va turli joylarda yaxshi kutib olinganman. Ayrim kanallar meni yo‘q qilishga urinayotganini tushunaman. Ammo buning uchun faqat ov miltig‘i yetarli bo‘ladi. Shunda ham men o‘qdan qochaman», — dedi Ronaldu.

«Menga yoqmaydigan odamlar ham borligini qabul qilganman»

Portugaliyalik hujumchi tanqid va salbiy munosabatlarga faoliyatining 20 yildan ortiq davri davomida ko‘nikib qolganini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, futbolchi uchun muhim jihat — uni qo‘llab-quvvatlayotgan muxlislarning munosabati.

«Men bunga allaqachon o‘rganib qolganman. Meni yoqtirmaydigan odamlar ham borligini nazorat qila olmayman. Olti kishi meni yoqtirmasa, bu menga ta’sir qilmaydi. Men meni yaxshi ko‘radigan insonlarga e’tibor beraman», — dedi u.

Ronaldu Portugaliya terma jamoasida yangi bosh murabbiy Jorge Jesus qo‘l ostidagi ilk uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rmoqda. U Jesusning jamoaga tayinlanishini «mukammal tanlov» deb atagan.

Portugaliya 24-sentyabr kuni Millatlar ligasi guruh bosqichining ilk turida Uelsni qabul qiladi. Uchrashuv Lissabondagi «Alvalade» stadionida o‘tkaziladi. UEFA ma’lumotlariga ko‘ra, Portugaliya turnirning amaldagi ikki karra g‘olibi sifatida yangi mavsumni boshlaydi.

Ronaldu terma jamoadagi faoliyatini davom ettirmoqda

Ronaldu terma jamoadan qachon ketishini hozircha aniq aytmagan. U o‘zining so‘nggi o‘yinini o‘tkazadigan vaqt kelganda bu haqda nafaqat portugaliyaliklarga, balki butun dunyoga ma’lum qilishini bildirgan.

UEFA ma’lumotlariga ko‘ra, Ronaldu 2003-yildan buyon Portugaliya terma jamoasi safida o‘ynab kelmoqda. U 233 ta xalqaro uchrashuvda 146 ta gol urgan va erkaklar terma jamoalari tarixidagi eng yaxshi to‘purar hisoblanadi.

U Portugaliya bilan 2016-yilda Yevropa chempionatida, 2019 va 2025-yillarda esa UEFA Millatlar ligasida g‘olib chiqqan. 2026-yilgi Jahon chempionatida esa Ronaldu olti xil mundialda gol urgan tarixdagi ilk futbolchiga aylangan.

Avvalroq 41 yoshli Krishtianu Ronaldu faoliyatidagi 1000-gol marrasiga yetish va Portugaliya bilan yana Millatlar ligasida g‘olib chiqishni oldiga maqsad qilib qo‘yganini aytgandi.

Shuningdek