Saida Mirziyoyeva BMT minbarida nimalar haqida gapirdi

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi doirasida so‘zga chiqib, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ustuvor yondashuvlari haqida gapirdi.
BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi umumiy munozaralari 22-sentabr kuni Nyu-Yorkda boshlandi. Sessiyaning yuqori darajadagi haftaligi 18 – 28-sentabr kunlari o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston ochiqlik va muloqot yo‘lini tanlagan
Saida Mirziyoyeva o‘z Telegram kanalida dunyoda ziddiyatlar kuchayib, o‘zaro ishonch kamayib borayotgan bir paytda O‘zbekiston ochiqlik, yaxshi qo‘shnichilik va muloqot tamoyillariga sodiq qolishini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat tinchlik, hamkorlik va inson qadr-qimmatini e’zozlash tarafdori.

Markaziy Osiyo va Orol masalasi tilga olindi
Nutqda Markaziy Osiyodagi o‘zgarishlar, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, ekologik muammolar va Orol fojiasi masalalariga ham e’tibor qaratilgan.
Shuningdek, sun’iy intellekt rivoji, qonun ustuvorligi va inson huquqlarini ta’minlash masalalari ko‘tarilgan. Bu mavzular BMTning joriy sessiyasida ham asosiy global yo‘nalishlar qatorida muhokama qilinmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Saida Mirziyoyeva BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasida qatnashayotgani haqida yozgan edi.