Shvetsiyada chuvalchang qidirganlar Vikinglar xazinasini topdi

Shvetsiyada baliq ovlash uchun chuvalchang qidirgan odam 24 100 ga yaqin kumush tanga va boshqa qadimiy buyumlardan iborat xazinani topdi. Davlat topilmani 4 mln kronaga sotib oladi.
Hyorningsholm xazinasi 2025-yil avgustida Myorkyo orolidagi, Syodertelye kommunasiga qarashli hududdan topilgan. Xazina taxminan 24 100 ta kumush tanga va Vikinglar davri hamda ilk o‘rta asrlarga oid 144 ta boshqa buyumdan iborat.
Topilmaning asosiy qismini kumush buyumlar tashkil qiladi. Ular orasida zarhal buyumlar va oz miqdorda oltindan yasalgan ashyolar ham bor. Shvetsiya Milliy meros kengashi xazinaning umumiy holatini yaxshi deb baholagan.
Shvetsiyadagi eng yirik tanga xazinasi
Hyorningsholm xazinasi hozirgacha Shvetsiyada topilgan eng katta tanga xazinasi hisoblanadi. Mutaxassislar uning tarixiy va madaniy qiymatini juda yuqori deb baholamoqda.
Topilma Shvetsiyaning ilk iqtisodiyoti, uzoq masofali savdo va aloqalari hamda o‘sha davrdagi jamiyat tuzilishi haqida yangi ma’lumotlar berishi mumkin. Xazinada kamyob yepiskop tangalarining juda ko‘p ekani ham alohida e’tibor qaratmoqda.
Topilmani aniqlagan shaxs uni imkon qadar tezroq tegishli idoralarga xabar qilgan. Shu sababli u Shvetsiya qonunchiligida belgilangan majburiyatlarini bajargan.
Xazina uchun 4 mln krona beriladi
Shvetsiya Milliy meros kengashi xazinani davlat tasarrufiga olish va topuvchiga 4 mln krona miqdorida tovon puli to‘lashga qaror qildi.
«Topilma uchun tovon puli adolatli bo‘lishi kerak. U topuvchini zarar ko‘rishga majbur qilmasligi, biroq xazina talon-torojini rag‘batlantiradigan darajada yuqori ham bo‘lmasligi lozim», — dedi Shvetsiya Milliy meros kengashi bosh antikvari Magnus Larsson.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tovon miqdorini belgilashda xazinaning juda yuqori tarixiy qiymati hamda topuvchi uchun oqilona va mas’uliyatli kompensatsiya zarurati hisobga olingan.
Shvetsiya Milliy meros kengashi qadimiy topilmalarni qonunchilikka muvofiq ravishda tegishli idoralarga topshirish muhimligini ta’kidladi. Bu ularni saqlash, ilmiy jihatdan o‘rganish va jamiyatga taqdim etish imkonini beradi.
Avvalroq Samarqand viloyatining Urgut tumanidagi Qo‘rg‘ontepa yodgorligida ilk O‘rta asrlarga oid gips haykalning bosh qismi topilgandi.