Sud Oq uyga CNN, MS NOW va Politico jurnalistlari kirishini tiklashni buyurdi

eʼlon qilindi
Taqiq 18-sentabrda e’lon qilingan edi
Sud Oq uyga CNN, MS NOW va Politico jurnalistlari kirishini tiklashni buyurdi
Foto: iStock

AQSh federal sudi prezident Donald Tramp ma’muriyatiga CNN, MS NOW va Politico jurnalistlarining Oq uyga kirish huquqini zudlik bilan tiklashni buyurdi. Sudya taqiq Konstitutsiyaga zid bo‘lishi mumkin degan xulosaga keldi.

AQSh okrug sudyasi Tim Kelli uchta OAVning press-ruxsatnomalarini qayta faollashtirish va ularga nisbatan taqiqni 14 kun davomida qo‘llamaslik haqida vaqtinchalik qaror chiqardi.

Taqiq 18-sentabrda e’lon qilingan edi

Tramp 18-sentabr kuni CNN, MS NOW va Politico’ni Oq uyga kiritmaslik qarorini e’lon qilgan. Ertasi kuni ushbu nashrlarning jurnalistlari amaldagi akkreditatsiyalariga qaramay Oq uy hududiga kiritilmagan.

Prezident qarorni ushbu OAVlar, uning ta’biricha, «soxta xabarlar» tarqatishi bilan izohlagan. Uch media tashkiloti esa 21-sentabr kuni sudga murojaat qilib, bu chorani so‘z va matbuot erkinligi hamda tegishli huquqiy jarayon kafolatlarining buzilishi deb baholagan.

Sud milliy xavfsizlik vajini yetarli deb topmadi

Tramp ma’muriyati sudda cheklovni milliy xavfsizlik bilan izohlashga uringan. Biroq sudya Kelli taqiq e’lon qilinishidan oldingi dalillarda aynan milliy xavfsizlik asosiy sabab bo‘lganini ko‘rsatuvchi yetarli asos yo‘qligini qayd etdi.

Sudya avvalgi sud amaliyotiga ham tayanib, jurnalistning Oq uy akkreditatsiyasi bekor qilinishidan oldin unga sabablar haqida xabar berilishi va o‘z pozitsiyasini bildirish imkoniyati yaratilishi kerakligini ta’kidladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Oq uy «Trump TV» nomli 24 soatlik kanalni ishga tushirgani haqida yozgan edi.

Shuningdek