Timur Turlov FIDE prezidenti saylovi oldidan shaxmatni qoʻllab-quvvatlash uchun 7 mln dollarlik dastur taklif qildi

Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) prezidentligi uchun kurashayotgan Timur Turlov shaxmatni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qariyb $7 mlnlik dasturni taklif qildi. Bu haqda u Samarqandda oʻtayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi vaqtida maʼlum qildi.
Kursiv Uzbekistan muxbirining xabar berishicha, Turlov taklif etayotgan dastur hajmini 6,2 mln yevroni yoki qariyb $7 mln deb baholagan.
Mablagʻlar nimaga yoʻnaltiriladi
Turlovning soʻzlariga koʻra, dastur ochiq shaxmat turnirlarini moliyalashtirish, shaxmatchilarning safar xarajatlarini subsidiyalash hamda yosh shaxmatchilar uchun mashgʻulot imkoniyatlarini kengaytirishni nazarda tutadi.
Shuningdek,u milliy federatsiyalar qayerda joylashgani yoki qanday maqomga ega ekanidan qatʼi nazar, qoʻllab-quvvatlash dasturlaridan foydalanish imkoniga ega boʻlishi kerakligini taʼkidladi.
Turlov musobaqalarning ikki yillik taqvimini shakllantirishni ham taklif qildi. Uning fikricha, bu mablagʻlarni oldindan rejalashtirish va soʻnggi daqiqada qabul qilinadigan homiylik qarorlariga qaramlikni kamaytirish imkonini beradi.
Nomzod FIDE rivoji uchun toʻrt yillik budjet zarurligini ham qayd etdi. Uning fikricha, yetarli moliyaviy barqarorlik musobaqalar taqvimini kamida ikki yil oldindan rejalashtirish imkonini beradi.
Dastlabki 100 kunda nimalar qilinadi
Agar saylovda gʻalaba qozonsa, Turlov dastlabki 100 kun ichida jamoani shakllantirish, dasturiy taʼminotni rivojlantirish, shuningdek, kommunikatsiya va marketing uchun qoʻshimcha resurslar ajratishni rejalashtirmoqda.
«Biz albatta yangi xodimlarni ishga olamiz», — dedi u.
Turlov, shuningdek, kommunikatsiyani yanada aniq, boshqaruvni esa ochiqroq qilish niyatida ekanini bildirdi.
U FIDE’ning amaldagi rahbariyati erishgan natijalarni ham qayd etdi. Turlovning fikricha, moliyalashtirishni kuchaytirish federatsiyaning amaldagi professional dasturlarini yanada rivojlantirishga yordam berishi mumkin. Shu bilan birga, u sezilarli oʻzgarishlar uchun vaqt talab etilishini taʼkidladi.
FIDE prezidenti saylovi 26-sentabr kuni Samarqandda Bosh assambleya doirasida boʻlib oʻtadi. Saylovda uchta prezidentlik tandemi roʻyxatdan oʻtgan: Timur Turlov — Vishvanatan Anand, Yan Henrik Byuttner — Malkolm Peyn hamda Vadim Rozenstayn — Gordon Tang.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Oʻzbekiston shaxmat terma jamoasi Olimpiadaning yettinchi turida Xitoyni 3:1 hisobida magʻlub etgani haqida yozgan edi.