Birja savdolarida 4 mlrd so‘mdan ortiq qonunbuzilish holatlari aniqlandi

eʼlon qilindi
Qoraqalpog‘istonda 183,8 mln so‘m asossiz mablag‘ aniqlangan
Birja savdolarida 4 mlrd so‘mdan ortiq qonunbuzilish holatlari aniqlandi
Foto: SI / Sapura Temirxanova

Raqobat qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida birja savdolariga oid qonunbuzilish holatlarini aniqladi. Ayrim holatlarda yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlar belgilangan hajm va muddatlarda savdoga chiqarilmagan.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, aniqlangan holatlar yuzasidan tegishli korxonalarga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, asossiz olingan mablag‘larni qaytarish va qonunbuzilishlarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan.

Qoraqalpog‘istonda 183,8 mln so‘m asossiz mablag‘ aniqlangan

«ECO TEKS CLUSTER» MChJ faoliyatini o‘rganish davomida 2023-yil 1-oktabrdan 2026-yil 31-maygacha paxta tolasi, lint va paxta yog‘i mahsulotlari birja savdolariga qo‘yish grafiklari tasdiqlanmasdan, to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida sotilgani aniqlangan.

Qo‘mita jami 38 ta holatda qonunchilik talablari buzilganini qayd etdi. Shundan 11 ta holatda paxta tolasi to‘g‘ridan to‘g‘ri sotilishi oqibatida birja kotirovkasi va shartnoma narxi o‘rtasidagi farq hisobidan 183,8 mln so‘m asossiz olingan mablag‘ aniqlangan.

Andijonda un mahsulotlari savdoga to‘liq chiqarilmagan

«SADAF SOF UNLARI» MChJning 2025-yil iyul – dekabr va 2026-yil yanvar – aprel oylaridagi faoliyati ham o‘rganilgan. Korxona jami 3,9 ming tonna bug‘doy xarid qilib, undan 2,6 ming tonna 75 foizli bug‘doy uni ishlab chiqargan.

Biroq iyulda rejaga nisbatan 258 tonna mahsulot kam chiqarilgan. Sentabrda 840 tonna, oktabrda 910 tonna va noyabrda 810 tonna mahsulot birja savdolariga umuman qo‘yilmagan. Dekabrda esa rejaga nisbatan 570 tonna mahsulot kam chiqarilgan.

Jizzaxda qariyb 4,1 mlrd so‘mlik mahsulot savdoga chiqarilmagan

Jizzax viloyatida «GROUPTEXTIL» MChJ tomonidan 2025-yil dekabr oyida ikki holatda jami 1 186 tonna, qariyb 4,1 mlrd so‘mlik paxta chigiti va tola mahsulotlarining bir qismi tasdiqlangan muddat va hajmlarda birjaga chiqarilmagani aniqlangan.

Qashqadaryo viloyatida esa «Kasbi tegirmoni» MChJ tomonidan birjaga qo‘yilishi rejalashtirilgan yuqori likvidli yoki monopol mahsulotlarning bir qismi savdoga chiqarilmagani qayd etilgan.

Korxonalarga majburiy ko‘rsatmalar berildi

Mazkur holatlar bo‘yicha hududiy organlarning maxsus komissiyalari tomonidan «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonun va Vazirlar Mahkamasining 170-son qarori talablari buzilishi yuzasidan ishlar qo‘zg‘atilgan.

Korxonalarga asossiz olingan mablag‘larni qaytarish, aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy ko‘rsatmalar berilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 17 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzilishlar aniqlangani haqida xabar berilgandi. Buyurtmachi tashkilotlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rildi.

Shuningdek