Efiopiya armiyasi TPLFning 272 nafar jangarisini o‘ldirganini ma’lum qildi

Efiopiya shimolidagi Tigray hududida hukumat kuchlari va Tigray xalq ozodlik fronti (TPLF) o‘rtasidagi janglar keskinlashdi. Bu haqda DW xabar bermoqda.
Efiopiya armiyasi qarshi hujum davomida TPLF safidagi 272 kishi o‘ldirilgani, yana qariyb 260 kishi yaralanganini ma’lum qildi. Biroq bu raqamlar mustaqil ravishda tasdiqlanmagan.
Tigrayda yana keng ko‘lamli urush xavfi paydo bo‘ldi
Janglar chorshanba kuni Tigray hududida qayta boshlangan. TPLF vitse-prezidenti Amanuel Assefa AFP agentligiga vaziyatni «to‘liq ko‘lamli urush» deb ta’riflagan.
Efiopiya armiyasi esa TPLF hujumiga javoban qarshi operatsiya boshlaganini va raqib tomon katta yo‘qotishlarga uchraganini bildirdi.
2022-yilgi tinchlik kelishuvi xavf ostida
Yangi to‘qnashuvlar 2022-yilda erishilgan tinchlik kelishuvining buzilishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni kuchaytirdi.
Afrika Ittifoqi, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonlarni vazminlikka va keskinlikni pasaytirishga chaqirdi.
AQShning Addis-Abebadagi elchisi Ervin Massinga TPLF rahbariyatining yangi hujum boshlash qarorini tanqid qildi va Afrika Ittifoqi vositachiligidagi muzokaralarga qaytishga chaqirdi.
TPLF va hukumat o‘rtasidagi mojaro qayerdan boshlangan
TPLF 1991 – 2018-yillarda Efiopiya siyosatidagi eng ta’sirli kuchlardan biri bo‘lgan. 2018-yilda Abiy Ahmed bosh vazir bo‘lgach, TPLFning federal siyosatdagi mavqei pasaydi. Bu qarama-qarshiliklar 2020-yilda urushga aylangan.
2020 – 2022-yillardagi mojaro oqibatida yuz minglab odamlar halok bo‘lgan. Ayrim baholashlarda urush, ocharchilik va tibbiy xizmatlar izdan chiqishi natijasida qurbonlar soni qariyb 500 mingga yetgani aytiladi.
O‘sha urushda Eritreya qo‘shinlari ham Efiopiya federal kuchlari tomonida TPLFga qarshi jang qilgan.
Janglar Amhara hududiga ham tarqaldi
Yangi to‘qnashuvlar faqat Tigray bilan cheklanmayapti. Amhara hududida, jumladan, UNESCO ro‘yxatiga kiritilgan qadimiy qoyatosh cherkovlari bilan mashhur Lalibela shahri yaqinida ham janglar qayd etilgan.
Vaziyat sabab Lalibelaga aviaqatnovlar vaqtincha to‘xtatilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekistonning Efiopiyadagi birinchi elchisi ish boshlagani haqida yozgan edi.