Eronni yengach, O‘zbekiston FIFA reytingida yuqoriladi

O‘zbekiston terma jamoasi Eron ustidan qozongan 3:1 hisobidagi g‘alabadan so‘ng FIFAning live reytingida bir pog‘ona yuqoriladi. Jamoa hisobiga 6,83 reyting ochkosi qo‘shilib, umumiy ko‘rsatkich 1416,56 ochkoga yetdi.
O‘zbekiston Qatarni ortda qoldirdi
Farg‘onada 24-sentabr kuni o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvida O‘zbekiston Eronni 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Eldor Shomurodov ikki marta, Husayn Norchayev esa bir marta gol urdi. Eronning yagona goliga Ramin Rizoyan mualliflik qildi.

Ushbu natijadan so‘ng O‘zbekistonning FIFA live reytingidagi ochkolari 1416,56 ga yetdi va jamoa 59-o‘ringa ko‘tarildi.
O‘zbekiston Qatarni ham ortda qoldirdi. Qatar terma jamoasi hisobida 1411,06 ochko bor va u jonli reytingda 60-o‘ringa tushgan.
O‘zbekistonning keyingi o‘yinlari
O‘zbekiston terma jamoasi FIFA kunlari doirasida yana ikkita o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi.

1-oktabr kuni Fabio Kannavaro shogirdlari Toshkentda Suriyaga qarshi maydonga tushadi. 6-oktabr kuni esa jamoa safarda Janubiy Koreya bilan o‘ynaydi. Bu uchrashuvlar ham FIFA reytingidagi ochkolar uchun ahamiyatli bo‘ladi.
Avvalroq O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchisi Umarali Rahmonaliyev jamoaning kelgusi yirik turnir oldidan maqsadi yuqori ekanini bildirgandi.