O‘zbekiston delegatsiyasi Netanyahuning BMTdagi nutqini boykot qildi

eʼlon qilindi
Norozilik Netanyahu minbarga chiqishi bilan boshlangan
Foto: Reuters

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning BMT Bosh assambleyasidagi nutqi boshlanishi bilan o‘nlab davlatlar delegatsiyalari norozilik sifatida zalni tark etdi. Ular orasida O‘zbekiston va Qirg‘iziston delegatsiyalari ham bo‘lgan. Bu haqda Reuters xabar berdi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston vakillari ham chiqib ketdi

24-sentabr kuni BMT Bosh assambleyasining 81-sessiyasida Binyamin Netanyahu minbarga ko‘tarilgan paytda ko‘plab delegatlar o‘z o‘rinlarini tark eta boshladi.

Reuters tomonidan tarqatilgan suratlarda O‘zbekiston va Qirg‘iziston delegatsiyalari o‘tirgan joylarning ham bo‘sh qolgani ko‘rinadi. Xalqaro nashrlar O‘zbekiston va Qirg‘izistonni Netanyahu nutqi vaqtida zalni tark qilgan davlatlar qatorida qayd etgan.

Norozilik Netanyahu minbarga chiqishi bilan boshlangan. Zalda uning tarafdorlari olqishlagan bo‘lsa, boshqa delegatlar chiqib ketgan.

Netanyahu chiqib ketgan delegatlarni tanqid qildi

Isroil bosh vaziri zalni tark etgan delegatlarni «ma’naviy qo‘rqoqlar» deb atadi.

«Agar hali ham chiqib ketmagan boshqa ma’naviy qo‘rqoqlar bo‘lsa, marhamat, hoziroq chiqib keting», – dedi Netanyahu.

U nutqi davomida Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotlarini himoya qilib, mamlakatga qarshi genotsid haqidagi ayblovlarni rad etdi. Netanyahu bu da’volarni «asrning eng katta yolg‘oni» deb atadi.

Shuningdek, u Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlarini ham himoya qilib, AQSh bilan birgalikda amalga oshirilgan zarbalarni o‘z mamlakatini himoya qilish chorasi sifatida taqdim etdi.

Norozilikka Falastin tomoni chaqirgan

Associated Press xabariga ko‘ra, Falastin BMTdagi missiyasi boshqa davlatlar delegatsiyalarini Netanyahu nutqi vaqtida zalni tark etishga chaqirgan. Natijada nutq boshlanishida zalda ko‘plab bo‘sh o‘rinlar paydo bo‘lgan.

Shu kuni Falastin milliy ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos ham BMT Bosh assambleyasida murojaat qilgan. AQSh unga Bosh assambleyada shaxsan qatnashish uchun ketma-ket ikkinchi yil viza bermagani sababli Abbos videomurojaat orqali chiqish qilgan.

Avvalroq prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva BMT Bosh Assambleyasining 81-sessiyasi doirasida so‘zga chiqib, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ustuvor yondashuvlari haqida gapirgandi.

Shuningdek