Qirg‘izistonning sobiq ichki ishlar vaziri prezidentlik poygasida qatnashmoqchi

Qirg‘izistonning sobiq ichki ishlar vaziri Omurbek Suvonaliyev 2027-yilgi prezidentlik saylovida nomzod sifatida qatnashish niyatida ekanini ma’lum qildi. Bu haqda u jurnalistlarga bergan intervyusida aytgan.
Suvonaliyev nima dedi
66 yoshli Suvonaliyev saylovda amaldagi prezidentga muqobil nomzod bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan. U prezidentlik uchun kurashishda ishtirok etish niyatida ekanini va shu yo‘nalishda muxolif siyosiy kuchlarni birlashtirishga harakat qilishini bildirgan.
Suvonaliyev 2006 – 2007-yillarda Qirg‘iziston ichki ishlar vaziri vazifasini bajargan. Shuningdek, u Narin va Talas viloyatlari gubernatori lavozimlarida ishlagan.
Japarov ham poygada bor
Amaldagi prezident Sadir Japarov ham avvalroq 2027-yilgi saylovda nomzodini ilgari surish niyatini bildirgan.
Avvalroq Qirg‘iziston parlamenti – Jogorku Kenesh 24-sentabr kuni navbatdagi prezidentlik saylovini 2027-yil 27-yanvar kuni o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilgandi.