Saudiya bosh muftiysi husiylarga qarshi qurbonlik qilishga chaqirdi

eʼlon qilindi
U husiylar hokimiyatdan chetlatilguniga qadar kurashni davom ettirish zarurligini ta’kidladi
Foto: Reuters

Saudiya Arabistonining bosh muftiysi Shayx Solih bin Favzon Al-Favzon mamlakat chegaralarida xizmat qilayotgan harbiylarni Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan husiylarga qarshi kurashda jonini fido qilishga tayyor turishga chaqirdi. U husiylar hokimiyatdan chetlatilguniga qadar kurashni davom ettirish zarurligini ta’kidladi. Bu haqda Reuters Saudiya davlat axborot agentligi tarqatgan bayonotga tayanib xabar berdi. 

Bosh mufti harbiylarga nima dedi

Al-Favzonning bayonoti 24-sentabr kuni kechqurun e’lon qilingan. Unda Saudiya hududini himoya qilish va mamlakatning hatto bir qarichiga tajovuz qilganlarga qarshi turishni muhim diniy va milliy vazifa sifatida ta’riflangan.

Bayonotda Saudiya Arabistoni qo‘llab-quvvatlayotgan xalqaro tan olingan Yaman hukumatining mamlakat hududining barchasidagi hokimiyatini tiklash ham dolzarb vazifalardan biri ekani qayd etilgan.

Bayonot mojaro keskinlashgan paytda yangradi

Bosh muftiyning keskin bayonoti Saudiya Arabistoni va husiylar o‘rtasidagi jangovar harakatlar kuchaygan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi haftalarda husiylar Saudiya hududiga raketa va dronlar yordamida hujumlar uyushtirgan, Saudiya Arabistoni esa Yaman hududidagi husiylar pozitsiyalariga havo zarbalari bergan. Riyodning kengroq harbiy operatsiya boshlashi mumkinligi haqidagi savollar ham kuchaygan.

Husiylar ikki hafta avval Yaman hukumat kuchlaridan muhim Bab al-Mandab dengiz yo‘lini nazoratiga olgan. Bu hudud Qizil dengiz orqali xalqaro savdo va energetika tashuvlari uchun strategik ahamiyatga ega.

Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston harbiylari uchrashadi

Mojaro fonida Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston harbiy shtab boshliqlari ham uchrashuv o‘tkazishga tayyorlanmoqda.

Uch davlat avgust oyida «Makka qo‘shma mudofaa kelishuvi»ni imzolagan. Ushbu kelishuvga ko‘ra, tomonlardan biriga qurolli hujum qolgan ishtirokchilarga ham hujum sifatida ko‘riladi.

Saudiya tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, uch davlat harbiy rahbarlari Riyodga qanday yordam ko‘rsatish mumkinligini muhokama qiladi.

Husiylar va Saudiya o‘rtasidagi mojaro

Husiylar Yaman poytaxti Sana ustidan 2014-yilda nazorat o‘rnatgan. Saudiya Arabistoni esa 2015-yilda ularni hokimiyatdan chiqarish maqsadida harbiy koalitsiyaga boshchilik qilib, Yaman urushiga aralashgan.

2022-yildagi sulh yirik janglarni sezilarli darajada kamaytirgan edi. Biroq tomonlar o‘rtasida doimiy siyosiy kelishuvga erishilmagan. So‘nggi haftalardagi janglar esa mojaroni yana keskinlashtirdi.

Saudiya bosh muftiysining bayonoti mojaro fonida diniy mazmundagi ritorikaning ham kuchayganini ko‘rsatmoqda. Reuters bu murojaat Saudiya rasmiylarining husiylarni obro‘sizlantirishga qaratilgan diniy yo‘nalishdagi bayonotlari bilan birga kelayotganini qayd etadi.

Avvalroq Saudiya Arabistoniga qarshi husiylar hujumlari fonida Turkiya va Pokiston Riyodga mudofaa masalasida yordam berishga tayyorligini bildirgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek