Taftish.uz rahbari 10,6 yilga, jurnalisti 4,1 yilga ozodlikdan mahrum qilindi

O‘zbekiston Harbiy sudi Taftish.uz tahririyati xodimlari va DXXning sobiq xodimlariga nisbatan hukm chiqardi. Huquq himoyachisi, «Ezgulik» inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov ma’lumotiga ko‘ra, sudlanuvchilarga 4,1 yildan 10,6 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Taftish.uz rahbari G‘ayrat Aberayev 10 yil 6 oyga, jurnalist Marjona Eshquvatova esa 4 yil 1 oyga ozodlikdan mahrum qilingan.
Yana bir necha shaxs 10 yildan ortiq muddatga hukm qilindi

Tashanovning bildirishicha, tahririyatning yana ikki vakili hamda DXXning sobiq xodimlariga 10 yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlangan.
Sud majlisi yopiq tartibda o‘tkazilgan. E’lon qilingan ma’lumotlarda ish tuhmat, haqorat, firibgarlik va tovlamachilik bilan bog‘liq ayblovlarni qamrab olgani aytiladi. Hukmga ko‘ra, mahkumlar jazoni umumiy tartibdagi koloniyalarda o‘taydi.
O‘zi nima bo‘lgandi
Taftish.uz xodimlari 2026-yil 16-yanvar kuni protsessual tartibda qo‘lga olingan edi. O‘sha vaqtda Ichki ishlar vazirligi ularning ayrimlariga nisbatan tovlamachilik va firibgarlik bilan bog‘liq jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgan.
Qayd etilishicha, ushlanganlar orasida 1988-yilda tug‘ilgan G‘ayrat Aberayev hamda nashr vakillari 1992-yilda tug‘ilgan Azizjon Yuldashev, 2000-yilda tug‘ilgan Sardor Xamidov, 2006-yilda tug‘ilgan Marjona Eshquvvatova hamda 1998-yilda tug‘ilgan Dilshod Nishonov bor.
Shuningdek, o‘qing: Demokrat.uz rahbari pora bilan ushlandi
Taftish.uz sayti jamoasiga nisbatan ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari bugunga qadar O‘zbekiston Harbiy prokuraturasi tomonidan davom ettirilayotgandi. Sayt jamoasiga qarshi 400 dan ortiq fuqarolardan tushgan arizalar ko‘rib chiqilgan.
«Ezgulik» jamiyati raisi o‘z xabarida ushbu jarayonda aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilinmaganini hamda dastlabki kunlardanoq tergov sirlari ommaga oshkor qilinib, qatnashchilar ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinganini qayd etgan.