Yandex Go’da kar va zaif eshituvchi haydovchilar  850 mingta safarni amalga oshirdi

eʼlon qilindi
Yandex Go kar va zaif eshituvchi haydovchilar uchun xizmat bilan ishlashning asosiy bosqichlarini moslashtirdi
Yandex Go’da kar va zaif eshituvchi haydovchilar  850 mingta safarni amalga oshirdi
Foto: Yandex

Besh yil davomida Yandex Go’da zaif eshitadigan haydovchilar 850 mingta safarni amalga oshirdi. Hozir ular oyiga o‘rtacha 35 mingta safarni bajarmoqda. Keyingi ikki yilda bir oyda amalga oshirilayotgan safarlar soni ikki baravarga oshdi.

Yandex Go kar va zaif eshituvchi haydovchilar uchun xizmat bilan ishlashning asosiy bosqichlarini moslashtirdi: platformaga telefon qo‘ng‘irog‘isiz ulanish mumkin, Yandex Pro’dagi o‘quv materiallari imo-ishora tilida ham taqdim etiladi, qo‘llab-quvvatlash xizmati va yo‘lovchilar bilan muloqot esa matnli formatga o‘tkazilgan.

Foto: Yandex

O‘zbekistonda Yandex Go bilan 700 nafar kar va zaif eshituvchi haydovchilar hamkorlik qiladi. Eshitish bilan bog‘liq xususiyatlar yo‘lovchilarning baholari va safarlar xavfsizligiga ta’sir qilmaydi. Dasturning besh yilligi munosabati bilan xizmat hamkorlarni buyurtmalarni muntazam bajarish, yuqori reyting, ko‘p sonli safarlar va platforma bilan uzoq muddat hamkorlik qilish kabi turli yutuqlari uchun taqdirladi.

Foto: Yandex

Yandex Pro ilovasi ham haydovchilarning ehtiyojlariga moslashtirilgan: yangi buyurtma kelganda smartfon ekrani yonib-o‘chadi, qurilma esa vibratsiya beradi. Matnli chat haydovchi va yo‘lovchi uchun butun safar davomida ochiq turadi. Oddiy safarlarda esa u yo‘lovchi avtomobilga o‘tirganidan keyin yopiladi.

Avtomobillarda haydovchi va yo‘lovchiga safar davomida muloqot qilishda yordam beradigan maxsus qoplamalar va kartochkalar ham joylashtiriladi. Bunda yo‘lovchilar va qo‘llab-quvvatlash xizmati xodimlari uchun ovozli qo‘ng‘iroqlar to‘liq o‘chirilgan.

Foto: Yandex

Eshitish qobiliyatida muammo bo‘lgan haydovchilar xizmat bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida yoki taksoparklar orqali hamkorlik qilishi mumkin. Taksoparklarga ish jarayonlarini qulay tashkil etishda yordam berish uchun xizmat eshitish bo’yicha nogironligi bor insonlar bilan o‘zaro hamkorlik va muloqot qilish bo‘yicha maxsus qo‘llanma ham tayyorlagan.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktor o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev:

«Bugun O‘zbekistonda inklyuziv muhitni rivojlantirish texnologiyalar bilan bevosita bog‘liq. Platformaning eshitish bo’yicha nogironligi bo‘lgan insonlarning o‘ziga xos ehtiyojlariga moslashtirilishi inklyuziyani bir martalik tashabbuslar doirasidan chiqarib, muntazam amaliyotga aylantirmoqda.

Loyiha statistikasi bunday vositalarga talab yuqori ekanini ko‘rsatmoqda: ular insonlarga o‘z kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish va jamiyatda o‘zaro hurmat madaniyatini mustahkamlashga yordam beradi».

Foto: Yandex

Yandex Uzbekistan vitse-prezidenti Sardor Qodirov:

«Yandex Uzbekistan nogironligi bo‘lgan insonlarning kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun imkoniyatlar yaratish borasida izchil ish olib bormoqda. Biz nafaqat Yandex Taxi’ni, balki Yandex Lavka kabi boshqa xizmatlarni ham moslashtiryapmiz. Yaqinda xizmat kar va zaif eshituvchi insonlar uchun ombor mutaxassislari lavozimlarini ham ochdi.

Muhimi, bu ishni davlat va jamoat tashkilotlari bilan birgalikda, bevosita insonlarning fikr-mulohazalariga tayangan holda olib boryapmiz. Tajriba va resurslarni birlashtirish bizga ushbu yechimlar kim uchun yaratilayotgan bo‘lsa, aynan o‘sha insonlarning real ehtiyojlariga javob beradigan tizimli yondashuvlarni ishlab chiqish imkonini beradi».

Shuningdek