
O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Javohir Sindarov Samarqanddagi shaxmat Olimpiadasining hal qiluvchi turidan so‘ng o‘yin, jamoaning chempionligi va kelgusi maqsadlari haqida fikr bildirdi. Bu haqda Kursiv Uzbekistan muxbiri xabar bermoqda.
Sindarov so‘nggi turda Ukraina vakili Vasiliy Ivanchuk bilan durang o‘ynadi. Uning aytishicha, partiya murakkab kechgan, biroq jamoaviy vaziyatni hisobga olib, durang natijasi O‘zbekiston uchun muhim bo‘lgan.
«Durang qilsam, jamoaviy g‘alabamiz deyarli aniq edi»
Sindarov Ivanchukka qarshi partiyada bir payt vaziyati og‘irlashganini tan oldi.
«O‘yin juda ham murakkab kechdi. Qayerdadir sal noto‘g‘ri yurish qilib qo‘ydim, vaziyatim biroz og‘irroq edi. Lekin shunga qaramasdan chiroyli himoyalanib, durangga olib bordim», – dedi u.
Grossmeyster o‘yin davomida jamoadoshi Muhiddin Madaminovning vaziyati yaxshi ekanini kuzatib borganini ham aytdi.
«Men o‘zimga shunday maqsad qo‘ygandim: durang qilsam, jamoaviy tarzda yutishimiz 99 foiz aniq edi. Bu amalga oshdi va bundan juda ham xursandman», – dedi Sindarov.
«Yurtimizda Olimpiadani yutish boshqacha»
Sindarov O‘zbekistonning ikkinchi bor Olimpiada chempioni bo‘lishini alohida voqea deb atadi.
«Ikkinchi marta Olimpiadani yutishimizdan xursandman. Endi yurtimizda yutish baribir boshqacha. Biz bu musobaqani, haqiqatan ham, yuqori darajada o‘ynadik. Ko‘plab kuchli raqiblarga qarshi murakkab bahslarda g‘alaba qozondik», – dedi u.
Shaxmatchi jamoaning tayyorgarligi yuqori darajada o‘tganini ham ta’kidladi.
«Yurtimizga, prezidentimizga va tayyorgarlik uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berganlarga chuqur minnatdorchilik bildirmoqchiman. Endigi maqsad — jahon toji sari harakat qilish», – dedi Sindarov.
11 turdan keyin charchoq sezildi
Sindarov Olimpiadani juda og‘ir va uzoq davom etgan turnir sifatida baholadi.
«Juda og‘ir turnir kechdi. Men sal charchab kelgan edim, ammo turnir davomida maksimal darajada formamga kirib, jamoam uchun borimni berishga harakat qildim. O‘ylaymanki, buni uddaladim», – dedi u.
Shaxmatchi turnir yakunlangach, eng avvalo, dam olishni xohlashini ham aytdi.
Mag‘lubiyatdan keyingi kayfiyatni jamoa o‘zgartirdi
Sindarov Olimpiada davomida bir marta mag‘lub bo‘lganini eslatdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha partiyada vaqt tanqisligida xato qilgan va strategik jihatdan noqulay vaziyatga tushib qolgan.
«Ammo bu katta rol o‘ynamadi. Jamoa g‘alaba qozongandan keyin mening kayfiyatim ham o‘zgarib ketdi», – dedi u.
Sindarov O‘zbekiston terma jamoasining kuchi aynan jamoaviy birlikda ekanini ta’kidladi.
«Nazarimda, jamoamiz dunyodagi eng yaxshi, eng ahil va eng kuchli jamoa», – dedi grossmeyster.
«O‘zbekistonni dunyodagi eng top jamoaga aylantirishga harakat qilamiz»
Sindarov so‘nggi yillarda yirik musobaqalarda o‘zbekistonlik shaxmatchilar muntazam muvaffaqiyat qozonayotganini qayd etdi.
«So‘nggi yillardagi eng katta musobaqalarda O‘zbekiston shaxmatchilari g‘alaba qozonib kelmoqda. Bu ko‘p narsaning dalili. Bundan ham ko‘proq g‘alaba qozonishga harakat qilamiz», – dedi u.
U jamoaning asosiy maqsadlaridan biri O‘zbekistonni jahon shaxmatida eng kuchli jamoalardan biriga aylantirish ekanini ham ta’kidladi.
Ivanchuk haqida: «Shaxmat uchun jonini bergan fidoyi inson»
Sindarov Vasiliy Ivanchukni juda tajribali va kuchli raqib sifatida baholadi.
«U hamma davrdagi kuchli shaxmatchilar bilan o‘ynagan. U bilan oldin ham o‘ynaganman va o‘sha partiya ham murakkab kechgan», – dedi u.
Sindarov Ivanchukning hozir ham yuqori darajada o‘ynayotganiga alohida urg‘u berdi.
«Shu yoshda ham juda kuchli o‘ynayapti, qoyil qolish kerak. Shaxmat uchun jonini bergan fidoyi insonlardan biri», – dedi grossmeyster.
U Ivanchukka qarshi partiyaning oxirida yaxshi himoyalanib, durang natijasini saqlab qolganidan mamnun ekanini aytdi.
«Shaxmat yosh tanlamaydi»
Intervyu yakunida Sindarov shaxmatda yosh hal qiluvchi omil emasligini aytdi.
«Albatta, shaxmat yosh tanlamaydi. Faqat bilim va to‘g‘ri yurishlar muhim», – dedi u.
Avvalroq O‘zbekiston Samarqanddagi shaxmat Olimpiadasida chempion bo‘lgani xabar berilgandi.