Namangandagi 5 yoshli qizning oilasi boshqa shaharga ko‘chiriladi

Namanganda 5 yoshli qiz bilan bog‘liq fojia yuzasidan uning oilasiga kompleks ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi. Oila boshqa shaharga ko‘chiriladi, uy-joy va zarur reabilitatsiya bilan ta’minlanadi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva ma’lum qildi.
Oila boshqa shaharga ko‘chiriladi
Shahnoza Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, hodisa yuz bergan ilk kunlardan agentlik mutaxassislari va psixologlari qizaloq hamda uning onasi bilan ishlab kelmoqda.
«Bu og‘ir damda oilaga barcha zarur yordam va ko‘mak ko‘rsatilmoqda», – dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, oila boshqa shaharga ko‘chib o‘tadi hamda uy-joy va zarur reabilitatsiya bilan ta’minlanadi.
Qizaloqning onasiga o‘qish va ish masalasida yordam beriladi
Oilaga to‘liq ijtimoiy yordam ko‘rsatilishi rejalashtirilgan. Xususan, qizaloqning onasiga o‘qishga kirish va ishga joylashishda ko‘mak beriladi.
Shuningdek, zarurat tug‘ilsa, oilaning familiyasini o‘zgartirishga ham yordam ko‘rsatiladi.
«Eng muhimi, bolajon va uning yaqinlari xavfsiz joyda yangi hayot boshlashlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi», – dedi Shahnoza Mirziyoyeva.
Masala Prezident administratsiyasi nazoratida
Uning qayd etishicha, Prezident administratsiyasi mazkur masalani alohida nazoratga olgan va barcha mas’ul idoralar hodisa yuz bergan ilk kunlardanoq ishga jalb qilingan.
«Mazkur jinoyat aslo jazosiz qolmaydi», – dedi u.
Avvalroq Saida Mirziyoyeva ham munosabat bildirgan edi
Avvalroq Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Namanganda 5 yoshli qizga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etilgani haqidagi holatga munosabat bildirgan edi.
U bunday jinoyatlar uchun javobgarlikni maksimal darajada kuchaytirish bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirish kiritish taklifi tayyorlanayotganini ma’lum qilgan.
Shuningdek, Saida Mirziyoyeva jinoyat sodir etgan shaxs qonun doirasidagi eng og‘ir jazoga tortilishi, bolani himoya qila olmagan va beparvoligi bilan holatga yo‘l ochgan barcha mas’ullar ham javobgarlikka tortilishini ta’kidlagan edi.