Aktrisa Ra’no Shodiyeva og‘ir judolikka uchradi

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, kinoaktrisa Ra’no Shodiyevaning onasi Go‘zal aya vafot etdi. Bu haqda aktrisa Instagram sahifasida ma’lum qildi.
Onasi karlar jamiyatida faoliyat yuritgan
Ra’no Shodiyeva avvalgi intervyularidan birida onasi yoshligidan karlar jamiyatida faoliyat yuritgani haqida so‘zlagan.
Uning aytishicha, Go‘zal aya 16 yoshidan boshlab imo-ishora tili tarjimoni bo‘lib ishlagan. Keyinchalik O‘zbekiston Karlar jamiyatining Markaziy boshqaruvi raisi lavozimida faoliyat yuritgan.
Aktrisaning so‘zlariga ko‘ra, onasi eshitish imkoniyatidan kasallik sabab ayrilgan. U uchinchi sinfgacha oddiy maktabda o‘qigan, keyinchalik kar-soqovlar maktabiga o‘tkazilgan. Aynan shu yerda kelajakdagi turmush o‘rtog‘i bilan tanishgan.
Ra’no Shodiyeva xayriya ishlariga onasi sabab kirib kelgan
Aktrisa onasi imkoniyati cheklangan bolalar madaniyat markazida ham ishlaganini aytgan.
Ra’no Shodiyevaning so‘zlariga ko‘ra, aynan onasining faoliyati sabab u xayriya ishlarida qatnasha boshlagan. Keyinchalik imkoniyati cheklangan bolalar bilan yaqindan tanishib, bu yo‘nalishda faol ishtirok etgan.
Shodiyevaning ta’kidlashicha, onasi sudlarda ham tarjimon sifatida faoliyat yuritgan va qonunlarni yaxshi bilgan. Uning faoliyati sabab oilasiga tahdidlar bo‘lganini ham aktrisa aytib o‘tgan.
Avvalroq O‘zbek boksi afsonasi, jahon chempioni va Monreal-1976 Olimpiadasi kumush medali sohibi Rufat Risqiyev 76 yoshida vafot etgandi.