Belarus O‘zbekiston fuqarolari uchun yuzlab ish o‘rinlarini taklif qilmoqda

Belarusdagi yirik korxona va tashkilotlar O‘zbekiston fuqarolari uchun yuzlab bo‘sh ish o‘rinlarini taklif qilmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi ma’lum qildi.
Vakansiyalar qurilish, qishloq xo‘jaligi, haydovchilik, o‘rmon xo‘jaligi, chorvachilik, veterinariya, payvandlash va metallni qayta ishlash yo‘nalishlarini qamrab oladi.
Ish haqi $700 dan boshlanadi
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, oylik ish haqi nomzodning malakasi va tajribasiga qarab $700 dan boshlanadi. Yuqori malakali mutaxassislar uchun bundan yuqori maosh taklif qilinishi mumkin. Dastur doirasida fuqarolar Belarusda oila a’zolari bilan yashashi ham mumkin.
Shuningdek, o‘qing: Belarusga mehnat migratsiyasi: o‘zbekistonliklar uchun qanchalik manfaatli
Yo‘l va turar joy xarajatlari qoplanadi
Ish beruvchi Belarusga borish uchun aviachipta yoki boshqa yo‘l xarajatlarini, turar joy va hujjatlarni rasmiylashtirish xarajatlarini qoplaydi. Nomzodlar 18–50 yoshda bo‘lishi kerak. Haydovchi va maxsus texnika bilan bog‘liq ishlar uchun tegishli guvohnoma yoki malaka hujjati talab etiladi. Rossiyaga kirish taqiqi mavjud fuqarolar ushbu dasturda qatnasha olmaydi. Ishga joylashish tashkillashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.
Avvalroq «Kursiv» Rossiyada og‘ir vaziyatga tushib qolgan yana bir qator o‘zbekistonliklar vatanga qaytarilgani haqida yozgan edi.