Fond bozori: qariyb 30 ta yuqori likvidli aksiya haftani salbiy yakunladi

«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)dan joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 18-sentabrdan 25-sentabrgacha bo‘lgan davrda salbiy dinamikani ko‘rsatdi. Ammo UCI fond indeksi 10,32 foizga oshdi.
Ushbu davr mobaynida «O‘zbekiston pochtasi» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 31,51 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Olmaliq KMK» (+25,46) va «O‘zbekneftgaz» aksiyalarida (+17,91%) ham o‘sish qayd etildi.
O‘z navbatida, «Garant bank» aksiyalari 10,82 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini ko‘rsatdi. Bundan tashqari, «Universalbank» (-9,27%) va «Bekobodsement» (-8,62%) aksiyalari ham pasayish bilan ajralib turdi. Faqat «Ipoteka-bank», «Chilonzor buyum savdo kompleksi», «Kapital sug‘urta»ning ham imtiyozli ham oddiy aksiyalari, «O‘zbekkimyomash zavodi» va «Minora qurish ekspeditsiyasi» aksiyalari narxida o‘zgarish kuzatilmadi.

Bitimlar soni bo‘yicha UzNIF (6 593 ta), «Hamkorbank» (3 693 ta) va «Uzbekinvest» (3 393 ta) peshqadam bo‘ldi.
Aksiyalar bozorida ushbu haftada hajm bo‘yicha esa UzNIF (2,70 mlrd so‘m) yetakchilik qildi. «O‘zbektelekom» (1,94 mlrd so‘m) va «Hamkorbank» (1,83 mlrd so‘m) aksiyalari yuqori uchlikdan joy oldi.
Shuningdek, o‘qing: O‘zbekistonda ilk valyuta obligatsiyalari ro‘yxatga olindi
Yuqori likvidli aksiyalardan 18 tasi haftani ijobiy, oltitasi o‘zgarishsiz va 29 tasi salbiy natija bilan yakunladi. Birjaviy savdolarning asosiy maydonchadagi umumiy hajmi 22,85 mlrd so‘m bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Toshkent» Respublika fond birjasi modernizatsiya uchun takliflar qabul qilishni boshlagani haqida xabar berilgandi. Mazkur qaror ijrosi doirasida birja Request for Proposal — RFP formatida mahalliy va xorijiy texnologik kompaniyalardan texnik hamda tijorat takliflarini qabul qilishni boshladi.