Javohir Sindarov Samarqanddagi olimpiadadan qancha pul ishlab topdi

eʼlon qilindi
Oltin medal olgan o‘zbekistonlik shaxmatchiga $200 ming
Javohir Sindarov Ruminiyadagi nufuzli turnirda bronza medalini qo‘lga kiritdi
Foto: Grand Chess Tour

O‘zbekiston terma jamoasi Samarqandda o‘tgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Jamoa tarkibida ishtirok etgan Javohir Sindarov ushbu natija uchun $200 ming miqdorida bir martalik davlat mukofotiga ega bo‘ladi. Bu haqda 21-sentabrda qabul qilingan Prezidentning PQ–346-son qarorida so‘z boradi.

O‘zbekiston 27-sentabr kuni olimpiadaning so‘nggi turida Ukrainani 2,5:1,5 hisobida mag‘lub etib, ochiq turnir g‘olibiga aylandi. Bu O‘zbekiston terma jamoasining Butunjahon shaxmat olimpiadalaridagi ikkinchi chempionligi bo‘ldi. Birinchi oltin medal 2022-yilda Chennayda qo‘lga kiritilgan edi.

Olimpiada oltini uchun $200 ming

21-sentabrda prezidentning nufuzli xalqaro shaxmat musobaqalari g‘olib va sovrindorlarini rag‘batlantirish bo‘yicha yangi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, kattalar o‘rtasidagi Butunjahon shaxmat olimpiadasida oltin medal olgan o‘zbekistonlik shaxmatchiga $200 ming, kumush medal uchun $100 ming va bronza uchun $50 ming bir martalik mukofot beriladi. Shu tariqa, Samarqanddagi chempionlik Sindarovga $200 minglik davlat mukofotini olib keladi.

Avvalgi tartibda olimpiada oltin medali uchun mukofot BHMning 2 ming baravari — 880 mln so‘m etib belgilangan edi.

Sindarov 2026-yilda yana qancha mukofot oldi

Olimpiada uchun ajratiladigan mukofot Sindarovning 2026-yildagi yagona yirik daromadi emas.

Aprel oyida u Kiprda o‘tgan FIDE Nomzodlar turnirida g‘olib chiqdi. Sindarov musobaqani 14 imkoniyatdan 10 ochko bilan, birorta ham mag‘lubiyatsiz yakunladi va muddatidan oldin birinchi o‘rinni kafolatladi.

Chess.com hisob-kitobiga ko‘ra, o‘zbekistonlik grossmeyster Nomzodlar turniridan jami 170 ming yevro ishlab topgan. Shundan 70 ming yevro birinchi o‘rin uchun, yana €100 ming esa to‘plangan ochkolar uchun berilgan.

Sindarov 2026-yilgi Grand Chess Tour mavsumida ham eng ko‘p mukofot olgan shaxmatchilar qatoridan joy oldi. Turnir tashkilotchilarining yakuniy ma’lumotlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik grossmeyster mavsumni beshinchi o‘rinda tugatib, jami $170 458 mukofot puli olgan.

Masalan, Ruminiyada o‘tgan Super Chess Classic turnirining o‘zida Sindarov uchinchi o‘rinni egallab, $63,3 mingdan ortiq mukofot olgan.

2026-yildagi mukofotlari $370 mingdan oshdi

Faqat ochiq manbalarda aniq ko‘rsatilgan yirik mukofotlarni hisoblaganda, Sindarov 2026-yilda Grand Chess Tour doirasida $170 458 ishlab topdi. Samarqanddagi Olimpiada oltini uchun beriladigan $200 ming davlat mukofotini qo‘shganda, bu summa $370 458 ga yetadi.

Bundan tashqari, Nomzodlar turniridagi g‘alaba uchun yana 170 ming yevro mukofot puli bor.

Bu hisobga Sindarovning yil davomida qatnashgan boshqa musobaqalaridagi ehtimoliy mukofotlar, homiylik shartnomalari va boshqa daromadlari kiritilmagan.

Oldinda jahon chempionligi uchun match bor

Sindarovning 2026-yildagi eng muhim musobaqalaridan yana biri hali oldinda. Nomzodlar turniridagi g‘alabadan so‘ng u amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju bilan jahon chempionligi uchun o‘ynash huquqini qo‘lga kiritdi. FIDE ma’lumotiga ko‘ra, match 22-noyabrdan 12-dekabrgacha Shveysariyaning Jeneva shahri yaqinidagi Koloni shahrida bo‘lib o‘tadi. Birinchi klassik partiya 24-noyabrga belgilangan.

Sindarov O‘zbekiston tarixida shaxmat bo‘yicha mutlaq jahon chempionligi uchun matchga chiqqan birinchi shaxmatchi bo‘ldi.

Avvalroq O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Javohir Sindarov Samarqandda o‘tgan 46-Jahon shaxmat olimpiadasida ikkinchi oltin medal qo‘lga kiritilgach o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekistonda shaxmat rivoji, muxlislar qo‘llab-quvvatlashi va kelgusi maqsadlari haqida gapirgandi.

Shuningdek