MG 07 Wagon avtomobili qanday imkoniyatlar bilan chiqadi

28-sentabr 2026 07:50 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
MG 07 Wagon avtomobili qanday imkoniyatlar bilan chiqadi
Foto: CarNewsChina

MG kompaniyasining yangi MG 07 Wagon modeli Xitoy yo‘llarida sinovdan o‘tkazilayotgani tasvirga olindi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Yangi avtomobil MG 07 sedanining universal versiyasi bo‘lib, uning taqdimoti yaqin vaqt ichida o‘tkazilishi kutilmoqda.

Dizayn sedan versiyasiga yaqin

Sinovdagi MG 07 Wagon’ning old qismi sedan versiyasi bilan deyarli bir xil. Modelda C shaklidagi ikki qavatli faralar saqlab qolingan. Old oyna va A ustunlari ham sedan bilan bir xil ko‘rinishga ega.

Sinov avtomobilida ikki rangli yetti spitsali g‘ildiraklar o‘rnatilgan. Orqa qismdagi tom chizig‘i esa universal kuzovga xos ravishda balandroq saqlangan.

Foto: Sugar Design

LiDAR va Momenta tizimi qo‘llanilishi mumkin

Avtomobil tomida LiDAR sensori ko‘rinib turibdi. Bu MG 07 Wagon’da Momenta kompaniyasining haydovchiga yordam tizimi qo‘llanilishi mumkinligini anglatadi. Avvalgi suratlarda modelning orqa qismida spoyler, orqa oynani tozalagich va butun kuzov bo‘ylab cho‘zilgan chiroqlar tasmasi ham ko‘ringan.

MG 07 sedanining LiDAR bilan jihozlangan versiyalarida Momenta R7 tizimi qo‘llaniladi. U Navigation on Autopilot va avtomatik parkovka imkoniyatlarini taqdim etadi.

PHEV va elektromobil versiyalari kutilmoqda

MG 07 Wagon ham sedan kabi bir nechta kuch qurilmalari bilan taklif qilinishi kutilmoqda. Boshlang‘ich versiyalar plug-in gibrid, yuqori komplektatsiyalar esa 400 va 800 voltli to‘liq elektr tizimlarini olishi mumkin.

Hozircha universal versiya to‘liq uzatmali AWD tizimini oladimi yoki yo‘qmi noma’lum.

Foto: Sugar Design

Gibrid versiya 245 km elektr yurish zaxirasiga ega

MG 07 sedanining PHEV versiyasi 1,5 litrli atmosferali benzin dvigateli va 152 kVt, ya’ni 204 ot kuchiga ega old elektromotor bilan jihozlangan.

30 kVt·soat sig‘imli LFP batareya CLTC sikli bo‘yicha 245 kmgacha elektr yurish zaxirasini ta’minlaydi.

Elektromobil 845 kmgacha yurishi mumkin

400 voltli elektr versiyada 176 kVt yoki 236 ot kuchiga ega old elektromotor va 67 kVt·soat sig‘imli yarim qattiq holatdagi batareya qo‘llaniladi. Uning yurish zaxirasi CLTC sikli bo‘yicha 610 kmgacha yetadi.

800 voltli versiya esa 235 kVt yoki 315 ot kuchiga ega elektromotor va 91 kVt·soat sig‘imli batareyaga ega. Bu modifikatsiya CLTC bo‘yicha 845 kmgacha yurishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Mazda CX-6e avtomobili yangilangani haqida yozgan edi.

Shuningdek