Ohangarondagi bog‘chada bola hasharotlarga qarshi vositadan zaharlanib vafot etdi

Toshkent viloyatining Ohangaron shahridagi 6-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida 2026-yil 28-avgust kuni 2023-yilda tug‘ilgan tarbiyalanuvchi hasharotlarga qarshi ishlatiladigan vositani ichib qo‘ygan. Bola shifoxonaga olib borilgan, biroq shifokorlar uning hayotini saqlab qola olmagan. Bu haqda Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Bola oshxonada zaharlangan
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, hodisa bola bog‘cha oshxonasiga kirgan vaqtda yuz bergan. U yerda hasharotlarga qarshi ishlatiladigan BSM vositasini ichib qo‘ygan.
Shuningdek, o‘qing: Namangandagi bog‘chada 5 yoshli qizga jinsiy zo‘ravonlik: ayrim xodimlar ishdan olindi
Bola zudlik bilan Ohangaron shahar tibbiyot birlashmasiga olib borilgan. Biroq ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay, uning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan.
Bola oshxonaga qanday kirgani o‘rganilmoqda
Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, bolaning buvisi mazkur bog‘cha oshxonasida autsorsing tashkiloti xodimi – oshpaz bo‘lib ishlagan.
Hodisa tarbiyalanuvchi buvisining yoniga, oshxonaga kirgan vaqtda sodir bo‘lgani aytilmoqda. Biroq voqeaning barcha tafsilotlari hozircha yakuniy tasdiqlanmagan.
Vakolatli organlar bolaning oshxonaga qanday kirgani, xavfli vosita nima sababdan uning qo‘li yetadigan joyda turgani va uni saqlash uchun kim mas’ul bo‘lganini o‘rganmoqda.
Tergov yakunida aybdorlarga chora ko‘riladi
Holat yuzasidan tergov va surishtiruv ishlari davom etmoqda. Mas’ullar bolaning hayotiga zomin bo‘lgan hodisaning barcha jihatlarini o‘rganmoqda.
Tergov natijalariga ko‘ra, aybdorligi aniqlangan shaxslarga nisbatan qonunchilik doirasida tegishli choralar ko‘rilishi ma’lum qilindi.
Avvalroq Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida 5 yoshli qiz bilan bog‘liq hodisadan so‘ng bolalarga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish masalasi yana kun tartibiga chiqqani haqida xabar berilgandi.