Serbiya prezidenti Aleksandar Vuchich iste’foga chiqdi

Serbiya prezidenti Aleksandar Vuchich 27-sentabr kuni lavozimidan ketishini e’lon qildi. Bu haqda DW xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, u 25-oktabrda bo‘lib o‘tadigan muddatidan oldingi parlament saylovlarida bosh vazir lavozimi uchun kurashishni rejalashtirmoqda.
Vuchich vazifalarini parlament raisiga topshiradi
Belgraddagi prezident saroyida tarafdorlari oldida chiqish qilgan Vuchich prezidentlikdan ketayotganini aytdi.
U 28-sentabr kuni ertalab prezidentlik vakolatlarini parlament raisiga topshirishini ma’lum qildi. Vuchichning ikkinchi prezidentlik muddati aslida 2027-yil may oyida yakunlanishi kerak edi. Serbiya Konstitutsiyasi unga uchinchi muddatga prezidentlikka nomzod bo‘lish imkonini bermaydi.
Endi bosh vazir lavozimi uchun kurashadi
Vuchich avvalroq 25-oktabr kuni o‘tkaziladigan muddatidan oldingi parlament saylovlarida bosh vazir lavozimiga da’vogarlik qilishini ma’lum qilgan edi. Agar uning Serbiya Progressiv partiyasi boshchiligidagi siyosiy kuch hukumat tuzish imkoniga ega bo‘lsa, Vuchich bosh vazir etib tayinlanishi mumkin.
Parlament muddatidan oldin tarqatilgan edi
9-sentabr kuni Vuchich Serbiya parlamentini tarqatib yubordi va 25-oktabrga muddatidan oldingi parlament saylovlarini belgiladi.
U bunday qarorni mamlakat ichki siyosiy hayotidagi «katta beqarorlik» bilan izohlagan edi.
Norozilik namoyishlari 2024-yildagi fojiadan keyin kuchaygan
Serbiyada siyosiy tanglik 2024-yil noyabrida Novi Sad shahridagi temir yo‘l vokzali ayvonining qulab tushishi ortidan kuchaygan. Hodisa oqibatida 16 kishi halok bo‘lgan.
Shundan so‘ng talabalar va muxolifat korrupsiyaga qarshi namoyishlar o‘tkazib, hodisa uchun javobgarlarni aniqlash, davlat xaridlarida shaffoflikni oshirish hamda muddatidan oldingi saylovlarni o‘tkazishni talab qilgan. Vuchich va uning hukumati korrupsiya haqidagi ayblovlarni rad etib keladi.
Vuchich 2017-yildan beri Serbiya prezidenti bo‘lib kelgan, bungacha esa mamlakat bosh vaziri lavozimida ishlagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Aleksandar Vuchich qachon prezidentlikdan ketishini aytgani haqida yozgan edi.