Tailand vizasini qanday olish mumkin: Kerakli hujjatlar va to‘lovlar

Tailandga turistik maqsadda borishni rejalashtirayotgan xorijliklar mamlakatga kirish uchun turist vizasini rasmiylashtirishi mumkin. Bir martalik viza uchun konsullik yig‘imi 40 dollar, ko‘p martalik viza uchun esa 200 dollar etib belgilangan. Bu haqda Tailandning konsullik xizmatlari ma’lumotlarida keltirilgan.
Turist vizasi uchun qanday hujjatlar kerak
Bir martalik turist vizasini olish uchun ariza beruvchi quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerak:
- to‘liq to‘ldirilgan viza arizasi;
- amal qilish muddati kamida 6 oy bo‘lgan pasport yoki boshqa sayohat hujjati va uning nusxasi;
- oxirgi 6 oy ichida olingan, 4×6 sm hajmdagi bitta fotosurat;
- Tailandga borish va qaytish uchun to‘liq to‘langan tasdiqlangan aviachipta nusxasi;
- mehmonxona yoki boshqa turar joy bron qilinganini tasdiqlovchi hujjat;
- mahalliy bankdan olingan va hisobdagi qoldiq kamida 20 ming bat, ya’ni taxminan 700 dollar ekanini ko‘rsatuvchi asl ma’lumotnoma.
Agar voyaga yetmagan bolaning o‘z bank hisobvarag‘i bo‘lmasa, uning nomidan ota-onaning bank hisobvarag‘idan foydalanish mumkin. Bunda hisobdagi mablag‘ kamida 40 ming bat bo‘lishi kerak.
Ko‘p martalik viza uchun talablar
Tailandga bir necha marta kirishni rejalashtirganlar METV — ko‘p martalik turist vizasiga murojaat qilishi mumkin.
Buning uchun yuqoridagi hujjatlardan tashqari:
- oxirgi 3 oy uchun bank hisobvarag‘i ko‘chirmasi va har oyda kamida 2 ming dollar qoldiq mavjudligini tasdiqlovchi ma’lumot;
- sayohat yo‘nalishi;
- lavozim, ish staji va haq to‘lanadigan ta’til muddati ko‘rsatilgan ish joyidan ma’lumotnoma;
- talabalar uchun kunduzgi ta’limda tahsil olayotganini tasdiqlovchi hujjat talab qilinadi.
Bank hisobvarag‘i ariza beruvchining nomida bo‘lishi kerak. Agar oilaning umumiy bank hisobvarag‘i taqdim etilsa, qarindoshlikni tasdiqlovchi hujjat, masalan, tug‘ilganlik yoki nikoh to‘g‘risidagi guvohnoma ham beriladi.
Viza qancha turadi
Tailand turist vizasi uchun konsullik yig‘imi:
- bir martalik kirish — 40 dollar;
- ko‘p martalik kirish (METV) — 200 dollar.
Bir martalik viza 3 oy, ko‘p martalik viza esa 6 oy amal qiladi.
Viza amal qilish muddati Tailandda qolish muddati bilan bir xil emas. Mamlakatga kirganidan so‘ng turist vizasi egasiga 60 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga qolishga ruxsat beriladi.
Vizani uzaytirish mumkinmi
Tailandda uzoqroq qolishni istaganlar viza muddatini uzaytirish uchun mamlakat Immigratsiya byurosiga murojaat qilishi mumkin.
Arizalar Bangkokdagi Immigratsiya byurosining Government Center B, Chaengwattana Soi 7, Laksi manzilida qabul qilinadi.
Vizani uzaytirish yoki uning turini o‘zgartirish masalasi immigratsiya xodimining qaroriga bog‘liq.
Ayrim arizachilar uchun qo‘shimcha hujjatlar talab qilinadi
Tailandning konsullik ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim davlat fuqarolari vizaga faqat o‘z mamlakati yoki doimiy yashash mamlakatidagi Tailand elchixonasi orqali murojaat qilishi kerak. Shu sababli safardan oldin eng yaqin Tailand diplomatik vakolatxonasida ariza topshirish tartibini aniqlashtirish tavsiya etiladi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar o‘z nomi ko‘rsatilgan biznes litsenziyasi yoki tadbirkorlik faoliyati ro‘yxatdan o‘tkazilganini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishi kerak.
18 yoshga to‘lmaganlar uchun esa:
- tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaning notarial tasdiqlangan nusxasi;
- voyaga yetmaganning xorijga chiqishiga ota-onasi yoki qonuniy vakilining notarial tasdiqlangan roziligi talab qilinadi. Bu hujjat bola ota-onasidan birortasisiz yoki faqat ulardan biri bilan safar qilayotgan holatlarda kerak bo‘ladi.
Rus yoki boshqa xorijiy tillarda tayyorlangan barcha hujjatlar ingliz tiliga tarjima qilinishi va notarius tomonidan tasdiqlanishi kerak.
Konsullik xodimlari zarur deb topilgan taqdirda qo‘shimcha hujjatlarni so‘rashi yoki arizachini suhbatga chaqirishi mumkin.
Avvalroq O‘zbekistonning Tailanddagi bosh konsulxonasi 15-sentabrdan boshlab O‘zbekiston fuqarolari uchun Tailandga vizasiz kirish tartibi bekor qilinishini ma’lum qilgandi. Yangi tartibga ko‘ra, mamlakatga borishni istagan fuqarolar oldindan viza rasmiylashtirishi va uning to‘lovini amalga oshirish uchun Rossiyaga, Moskvaga borishi kerak bo‘ladi.
Keyinchalik Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston fuqarolarining Tailandga borishi uchun viza to‘lovini amalga oshirishning qulayroq mexanizmini yaratish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotgani haqida xabar bergandi.