Toshkentda 60 mingga yaqin odamni onlayn qimorga jalb qilganlar fosh etildi

eʼlon qilindi
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan
Foto: ekran surati

Toshkentda kompyuter texnologiyalari sohasida xizmat ko‘rsatish niqobi ostida faoliyat yuritib, qariyb 60 ming kishini onlayn qimor platformalariga jalb qilish uchun sharoit yaratgan guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi ma’lum qildi.

Guruh «kompaniya» kabi faoliyat yuritgan

IIV Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan Yashnobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida guruh faoliyati fosh etilgan.

Aniqlanishicha, guruh O‘zbekiston, Saudiya Arabistoni, BAA, O‘mon, Bahrayn, Qatar, Kuvayt va boshqa davlatlarning 60 mingga yaqin fuqarosini onlayn qimor platformalariga jalb qilish uchun sharoit yaratgan.

Tuzilma oddiy guruh shaklida emas, balki yirik kompaniya kabi tashkil etilgan. Unda operatorlar, supervayzerlar, kassirlar, hisobotchi-analitiklar va menejerlar uchun alohida vazifalar taqsimlangan.

Mijozlarni jalb qilish uchun maxsus dasturlar, shifrlangan aloqa vositalari va raqamli izlarni yashirish texnologiyalaridan foydalanilgan.

Olti oyda 4 mln dollarlik pul aylanmasi aniqlangan

Tezkor tadbir vaqtida binodan serverlar, kompyuterlar, noutbuklar, mobil telefonlar, bank kartalari, SIM-kartalar, pul mablag‘lari va boshqa ashyoviy dalillar olib qo‘yilgan.

Kompyuterlarni o‘rganish davomida guruh faoliyatiga oid yana bir muhim ma’lumot aniqlangan. So‘nggi olti oyda ushbu tuzilma orqali 4 mln dollar miqdorida pul aylanmasi amalga oshirilgan.

11 nafar asosiy a’zo ushlangan

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda 16 nafar shaxs bilan tezkor surishtiruv va tergov ishlari olib borilmoqda.

Guruhning asosiy 11 nafar a’zosi Jinoyat-protsessual kodeksining 227-moddasi tartibida ushlangan.

Shuningdek, jinoyatga masofadan turib xizmat ko‘rsatgan boshqa shaxslar ham aniqlanib, ularga nisbatan tezkor surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Tergov harakatlari va tezkor-qidiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.

Avvalroq O‘zbekistonda 2026-yilning birinchi yarmida qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni targ‘ib qilgan 50 dan ortiq saytlarga cheklov qo‘yilgandi.

Shuningdek