Yolg‘izlik insonning umrini 6 yilga qisqartirishi mumkin

eʼlon qilindi
Ayrim ishtirokchilarda ruhiy salomatlik bo‘yicha farq qariyb 6 yilga yetgan
Foto: Sun’iy intellekt orqali yaratildi

Yangi tadqiqot yolg‘izlik va ijtimoiy izolyatsiya insonning jiddiy jismoniy va ruhiy kasalliklarsiz yashashi mumkin bo‘lgan umriga ta’sir qilishini ko‘rsatdi. Ayrim ishtirokchilarda ruhiy salomatlik bo‘yicha farq qariyb 6 yilga yetgan. Tadqiqot AQSHdagi Tulane universitetining Celia Scott Weatherhead jamoat va tropik tibbiyot maktabi olimlari tomonidan o‘tkazilib, Nature Communications jurnalida chop etilgan. 

Yolg‘iz qolish va yolg‘izlik bir xil emas

Olimlar ijtimoiy izolyatsiya va yolg‘izlikni bir-biridan farqlaydi. Ijtimoiy izolyatsiya insonning boshqalar bilan qanchalik tez-tez va qay darajada muloqot qilishini ko‘rsatadi.

Yolg‘izlik esa ko‘proq insonning o‘z munosabatlaridan qanchalik mamnun ekaniga bog‘liq. Shu sababli odamlar bilan tez-tez muloqot qiladigan inson ham o‘zini yolg‘iz his qilishi mumkin.

Tadqiqotchilar avvalgi izlanishlarda ham ijtimoiy aloqalarning sustligi salomatlikning yomonlashuvi bilan bog‘liqligini aniqlagan. Bunga stress, uyqu va sog‘liq bilan bog‘liq xatti-harakatlardagi o‘zgarishlar sabab bo‘lishi mumkin. Biroq yangi tadqiqot kuzatuv xarakterida bo‘lgani uchun yolg‘izlik yoki ijtimoiy izolyatsiya muayyan kasallikni bevosita keltirib chiqarishini isbotlamaydi.

«Natijalar men uchun kutilmagan bo‘lmadi. Avvalgi tadqiqotlar ijtimoiy izolyatsiya va yolg‘izlik o‘lim, ayniqsa muddatidan oldingi o‘lim bilan bog‘liqligini ko‘rsatgan. Ushbu tadqiqot esa bunga qo‘shimcha dalillarni taqdim etadi», — dedi tadqiqotning yetakchi muallifi, Tulane universiteti professori Lu Qi.

Olimlar 277 mingdan ortiq odamni o‘rgandi

Tadqiqotchilar 40–69 yoshdagi 277 489 nafar katta yoshli inson haqidagi ma’lumotlarni tahlil qilgan.

Tadqiqot boshida ishtirokchilarda yettita asosiy kasallikdan hech biri bo‘lmagan. Ular orasida:

  • diabet;
  • yurak kasalliklari;
  • o‘pka kasalliklari;
  • demensiya;
  • saraton;
  • depressiya;
  • xavotir buzilishi bor.

Olimlar 50 yoshni boshlang‘ich nuqta sifatida olib, insonning ushbu kasalliklarsiz yana necha yil yashashi mumkinligini hisoblagan.

AQSHda yolg‘izlik va ijtimoiy izolyatsiya keng tarqalgan. 2023-yildagi hisobotga ko‘ra, mamlakatdagi katta yoshli aholining qariyb yarmi yolg‘izlikni boshdan kechiradi, deyarli shuncha qismi esa ijtimoiy jihatdan izolyatsiyalangan.

Erkaklarda ruhiy salomatlik bo‘yicha farq kattaroq bo‘lgan

Eng katta tafovut bir vaqtning o‘zida ham yolg‘izlikni, ham ijtimoiy izolyatsiyani boshdan kechirayotgan odamlarda kuzatilgan.

Jismoniy salomatlik bo‘yicha bunday guruhdagi ayollar yolg‘izlik ham, ijtimoiy izolyatsiya ham kuzatilmagan odamlarga qaraganda kasalliksiz 2,4 yil kam yashagan. Erkaklarda bu farq 1,7 yilni tashkil etgan.Ruhiy salomatlik bo‘yicha tafovut esa ancha katta bo‘lgan.

Ham yolg‘iz, ham ijtimoiy jihatdan izolyatsiyalangan ayollar ruhiy kasalliklarsiz taxminan 3,7 yil kam yashagan. Erkaklarda esa bu ko‘rsatkich 5,8 yilga yetgan.

«Bu erkaklar va ayollar o‘rtasidagi farqlar bilan bog‘liq. Tadqiqotimiz erkaklar yolg‘izlik ta’siriga ko‘proq moyil ekanini ko‘rsatdi. Shuningdek, ayollar odatda erkaklardan uzoqroq yashashini bilamiz. Ayrim kasalliklarda jins bilan bog‘liq farqlar mavjud», — dedi Lu Qi.

Sog‘lom turmush tarzi ijtimoiy izolyatsiya ta’sirini kamaytirgan

Tadqiqotda sog‘lom turmush tarzi ham alohida o‘rganilgan. To‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish, yetarlicha uxlash va chekishdan voz kechish ijtimoiy izolyatsiya bilan bog‘liq kasalliksiz umr qisqarishining bir qismini kamaytirgan.

Biroq yolg‘izlik bo‘yicha xuddi shunday natija kuzatilmagan. Sog‘lom odatlar insonning o‘zini yolg‘iz his qilishi bilan bog‘liq qo‘shimcha sog‘liq xatarlarini sezilarli darajada kamaytirmagan.

Avvalroq «Stada» farmatsevtika kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 31% odam o‘zini yolg‘iz deb hisoblashi haqida xabar berilgandi. 

Shuningdek