Aripovga bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha senator so‘rovi yuborildi

Bolalar bilan ishlaydigan tashkilotlarda zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyat sodir etgan shaxslarning faoliyat yuritishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha amaldagi mexanizmlarning ishlashi yuzasidan senator so‘rovi yuborildi. Bu haqda Oliy Majlis Senati xabar berdi.
Maxsus reyestrdan foydalanish masalasi ko‘tarildi
Qonunchilikka ko‘ra, ayrim toifadagi shaxslarning ta’lim, tarbiya, bolalarni sog‘lomlashtirish, sport va ijodiy tashkilotlarida ishlashi, shuningdek, bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat bilan shug‘ullanishi taqiqlangan.
Mazkur tartib 2023-yil 11-apreldagi qonun bilan belgilangan. Shuningdek, bunday shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan reyestrni shakllantirish va yuritish tartibi ham belgilangan.
2026-yil 3-martdagi prezident farmoni bilan tasdiqlangan «Yo‘l xaritasi»da esa sog‘liqqa, jinsiy erkinlikka, oilaga, yoshlarga va axloqqa qarshi jinoyatlar sodir etgan shaxslar bo‘yicha maxsus reyestr yuritish tizimini takomillashtirish vazifasi belgilangan.
Hujjatda, shuningdek, mazkur shaxslarni monitoring qilish hamda voyaga yetmaganlar bilan ishlaydigan tashkilotlarga reyestrdagi ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatini yaratish ko‘zda tutilgan.
Senator amaliyotdagi nazoratni so‘radi
Amaliyotda reyestrdagi ma’lumotlardan foydalanish va voyaga yetmaganlar bilan ishlaydigan tashkilotlarda tegishli nazorat mexanizmlarining qo‘llanilishi bo‘yicha qator masalalar mavjudligi qayd etilgan.
Shu munosabat bilan senator Malika Qodirxonova Bosh vazir Abdulla Aripovga senator so‘rovini yubordi.
So‘rovda sog‘liqqa, jinsiy erkinlikka, oilaga, yoshlarga va axloqqa qarshi jinoyatlar sodir etgan shaxslar bo‘yicha maxsus reyestrning amaldagi holati va undan amaliyotda foydalanish darajasi haqida ma’lumot berish so‘ralgan.
Shuningdek, voyaga yetmaganlar bilan ishlaydigan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan reyestr ma’lumotlarini olish uchun yuborilgan so‘rovlar soni, ularning natijalari hamda reyestrga kiritilgan shaxslarning mehnat faoliyati bilan bog‘liq masalalar yuzasidan axborot taqdim etish so‘ralgan.
Senator so‘rovida aniqlangan tizimli muammolarni bartaraf etish va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish mexanizmlarini kuchaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan ham asoslantirilgan tushuntirishlar berilishi ko‘zda tutilgan.
Avvalroq O‘zbekistonda 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan ayrim o‘ta og‘ir jinsiy jinoyatlar uchun uzoq muddatli yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgilash taklif qilinayotgani haqida xabar berilgandi.