Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik: Qodirov o‘lim jazosini, Bekmurodov umrbod qamoqni taklif qildi

eʼlon qilindi
Alisher Qodirov bolalarga qarshi ayrim og‘ir jinoyatlar uchun o‘lim jazosini qaytarish tarafdori, Bobur Bekmurodov esa bu fikrni qo‘llab-quvvatlamadi
Endi elektron tijorat operatorlari faoliyatidagi mahsulot xavfsizligiga javobgar bo‘ladi
Foto: Qonunchilik palatasi

Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritildi. Hujjat «Adolat» SDP fraksiyasi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan.

Qonunchilik palatasi Kengashi loyihani yalpi majlis kun tartibiga kiritishga qaror qildi. Uni ko‘rib chiqish uchun Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi mas’ul etib belgilangan.

Javobgarlik choralarini kuchaytirish taklif qilinmoqda

Loyiha bilan Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda boshqa qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish ko‘zda tutilgan. Ular bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari uchun javobgarlik choralarini kuchaytirishga qaratilgan. Qonun loyihasi joriy yilning 29-sentabr kuni quyi palataning navbatdagi majlisida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.

Qodirov o‘lim jazosini qaytarish tarafdori

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov bolalarga qarshi ayrim og‘ir jinoyatlar uchun o‘lim jazosini qo‘llash kerakligini bildirdi.

«Qasddan odam o‘ldirgan, ayniqsa, bolaga qasd qilganlar kelgusida ehtimoliy bunday qotilliklarni oldini olish, moyillarga ibrat bo‘lishi uchun o‘limga hukm qilinishi kerak».

U, shuningdek, bolalarga qarshi jinoyatlar uchun jazoni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasiga betaraf qolishini ma’lum qildi.

Bekmurodov o‘lim jazosiga qarshi chiqdi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi raisi, «Yuksalish» harakati rahbari Bobur Bekmurodov esa bolalarga qarshi jinoyatlar uchun jazo qat’iy bo‘lishi kerakligini o‘lim jazosini qayta joriy etish fikrini qo‘llab-quvvatlamadi:

«Bunday jinoyatchilarga jazo qat’iy va muqarrar bo‘lishi shart: umrbod ozodlikdan mahrum qilish, afvdan to‘liq chetlatish, muddatidan oldin ozod qilishni taqiqlash nihoyatda muhim. Ammo o‘lim jazosi masalasida sizga qo‘shila olmayman», – dedi Bekmurodov.

U O‘zbekiston Konstitutsiyasida o‘lim jazosi taqiqlanganini eslatdi. Bekmurodovning fikricha, o‘lim jazosi boshqa xavfni ham yuzaga keltirishi mumkin:

«Agar bolani zo‘rlash o‘lim bilan jazolansa, jinoyatchini yagona guvohni, ya’ni bolaning o‘zini yo‘q qilishdan to‘xtatib turadigan hech narsa qolmaydi».

Bekmurodov jinsiy jinoyat sodir etgan shaxslar reyestrini yuritish, ularning bolalar bilan ishlashini umrbod taqiqlash, maktab va mahallalarda xavfni erta aniqlash hamda jabrlangan bolalarga psixologik yordam ko‘rsatishni kuchaytirishni taklif qildi.

Namangandagi voqeadan keyin muhokamalar kuchaydi

Bolalarga qarshi jinoyatlar uchun jazoni kuchaytirish masalasi Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanida 5 yoshli qiz bilan bog‘liq jinsiy zo‘ravonlik haqidagi xabarlardan keyin yana keng muhokamaga chiqdi. Qonun loyihasi ham bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimini kuchaytirishga qaratilgan.

Avvalroq «Kursiv» bir qator yuristlar va jamoat faollari umrbod qamoq, maxsus reyestr hamda bolalar bilan ishlaydiganlarni tekshirish kabi choralarni ko‘rishni taklif qilayotgani haqida yozgan edi.

Shuningdek