Braziliyada ishlab chiqarilgan Cobalt: saloni keng, ammo shovqini baland

29-sentabr 2026 15:25 eʼlon qilindi

Aleksandr Ten

Aleksandr Ten

Yangiliklar muharriri a.ten@kursiv.media
Фото: Дром

Braziliyaning AutoPapo nashri 2019-yilgacha Braziliyada ishlab chiqarilgan Chevrolet Cobalt’ning kuchli va zaif tomonlarini tahlil qildi. Nashr mutaxassislari  sedanning keng saloni, katta yukxonasi va unga texnik xizmat ko‘rsatishning osonligi uchun ijobiy baholagan. Ushbu model taksichilar orasida ham ancha ommalashgan.

AutoPapo nashriga ko‘ra, Chevrolet Cobalt 2011-yilda narxi hamyonbop, saloni keng va kam nosozlik chiqaruvchi sedan sifatida bozorga chiqarilgan. Aynan shu model General Motors’ning Braziliyadagi Gamma II global platformasiga asoslangan yangi bosqichini boshlab bergan. Keyinchalik shu platformadan Onix, Prisma, Spin va Sonic modellarida ham foydalanilgan.

Cobalt braziliyalik taksichilarning sevimli avtomobiliga aylandi

Dastlab Chevrolet Cobalt Braziliyada 1,4 litrli dvigatel bilan ishlab chiqarilgan. Keyingi yili esa 1,8 litrli motor bilan jihozlangan versiyasi paydo bo‘lgan. Model qisqa vaqt ichida taksichilar orasida ommalashgan. Bunga uning keng saloni va katta yukxonasi asosiy sabab bo‘lgan. Keyinchalik Cobalt OnStar tizimi va MyLink multimedia majmuasi bilan ham jihozlangan. 2017-yilda model yangilangach, Cobalt’ning tashqi ko‘rinishi Chevrolet’ning boshqa avtomobillariga yaqinlashgan. Biroq Prisma va Onix’ning ommalashuvi, keyinroq esa Onix Plus’ning paydo bo‘lishi fonida Cobalt bozordagi o‘rnini asta-sekin yo‘qota boshlagan. 2019-yilda modelning Braziliyadagi ishlab chiqarilishi to‘xtatilgan. To‘qqiz yil davomida mamlakatda deyarli 280 mingta Cobalt sotilgan.

1,4 va 1,8 litrli dvigatellarning qanday afzalliklari bor

Cobalt’ning narx va sifat nisbatini yaxshilagan omillardan biri sifatida avvaldan yaxshi tanilgan agregatlardan foydalanilgani aytish mumkin. Masalan, modelga 1,4 litrli sakkiz klapanli GM Family I dvigateli o‘rnatilgan. Bu motor ishonchliligi bilan tanilgan, biroq tezlanish jihatidan unchalik kuchli emas.

Etanolda dvigatel 102 ot kuchi, benzinda esa 97 ot kuchi ishlab chiqaradi. Avtomobilning tezlanishi yetarli darajada bo‘lishi uchun haydovchi uzatmalarni tez-tez almashtirib turishi kerak. Cobalt 0 dan 100 km/soatgacha 11 soniyadan ko‘proq vaqtda tezlanadi. Shu sabab haydovchi dvigatel aylanish tezligini diqqat bilan nazorat qilishi lozim.

Shuningdek, o‘qing: Chevrolet Cobalt qayerda arzon: O‘zbekistondami yoki Qozog‘istonda

Cobalt’ning asosiy ustunliklari — keng saloni va ravon yurishi

Nashrda Cobalt’ning ravon yurishi va yo‘lda barqaror harakatlanishi ham ijobiy baholangan. Shu bilan birga, avtomobil tezkor haydash yoki keskin burilishlar uchun mo‘ljallanmagan. Uning kuchli tomoni – uzoq va bir maromdagi safarlarda qulayligida.

Nashr avtomobil salonining kengligiga ham alohida e’tibor qaratgan. Cobalt’ning g‘ildirak bazasi 2,62 metr bo‘lib, yo‘lovchilarga oyoqlarini erkin joylashtirish uchun yetarli joy beradi. Yukxona hajmi esa 563 litrni tashkil etadi. Avtomobilning kamchiliklar orasida salon ichki qismining sodda ishlangani va shovqin izolyatsiyasining sustligi qayd etiladi. 80 km/soatdan yuqori tezlikda tashqi shovqin sezilarli bo‘ladi. Shu bilan birga, Cobalt’ga texnik xizmat ko‘rsatish oson bo‘lib, dvigatel ustalarga yaxshi tanish, ehtiyot qismlar esa bozorda keng tarqalgan.

Bundan tashqari, Cobalt egalari old osma qismlarining muddatidan oldin yeyilishi, yonilg‘i nasosidagi nosozliklar, MyLink tizimidagi uzilishlar va ruldagi vibratsiyalar haqida ham aytishgan.

Braziliyada Cobalt bilan bog‘liq qanday muammolar kuzatilgan

Chevrolet Cobalt Braziliyada ishlab chiqarilgan davrda avtomobillar texnik nosozliklar sabab bir necha bor qaytarib olingan. 2011 va 2013-yillarda ishlab chiqarilgan ayrim avtomobillarda tormoz pedali almashtirilgan. 2013 – 2014-yillardagi ayrim Cobalt’larda yonilg‘i filtri, 2014-yilgi mashinalarda esa dvigatel tayanchi murvatlari almashtirilgan.

Shuningdek, 2011 – 2013-yillardagi ayrim avtomobillarda yonilg‘i nasosi mahkamlanishi bilan bog‘liq muammolar bartaraf etilgan, ayrimlarida esa yonilg‘i baki almashtirilgan.

Avvalroq «Kursiv» Kolumbiyada ishlab chiqarilgan Cobalt nimasi bilan farq qilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek