Chevrolet’ning ikkita modeli uchun ayrim dizayn paketlari yopildi

29-sentabr 2026 10:07 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
2027-yilgi ikkita Chevrolet modelida o‘zgarish bo‘ldi
Foto: GM Authority

2027-yilgi Chevrolet Tahoe va Suburban modellari uchun taklif etilgan Dark Essentials Plus va Premium Dark Essentials dizayn paketlarining ayrimlari vaqtincha buyurtma uchun yopildi. Bunga ikkala paket tarkibiga kiradigan qora radiator panjarasining mavjud emasligi sabab bo‘lgan.

GM Authority ma’lumotiga ko‘ra, Tahoe va Suburban uchun Dark Essentials Plus paketi hozircha buyurtma qilinmaydi. Premium Dark Essentials esa Tahoe Premier va Suburban Premier versiyalarida vaqtincha mavjud emas.

Muammo qora radiator panjarasi bilan bog‘liq

Cheklovning asosiy sababi — qora Chevrolet emblemasiga ega Black grille radiator panjarasi. Ushbu detal ikkala paket tarkibiga ham kiradi va hozir alohida aksessuar sifatida ham buyurtma uchun mavjud emas.

Dark Essentials Plus paketiga qora radiator panjarasi, qora yozuvlar, qora yon ko‘zgu qopqoqlari va 22 dyuymli qora disklar kiradi.

Paketning odatiy narxi $4 899. Qora kuzov rangi bilan birga tanlanganda esa narx $3 795 ni tashkil etadi.

Shuningdek, o‘qing: Chevrolet Tahoe 2027 bo‘yicha yangi ma’lumotlar chiqdi

Premier uchun Premium Dark Essentials ham yopildi

Tahoe Premier va Suburban Premier uchun Premium Dark Essentials paketi ham ayni radiator panjarasi sababli vaqtincha mavjud emas.

Ushbu paket narxi $4 925 bo‘lib, tarkibiga qora radiator panjarasi, qora yozuvlar, qora ko‘zgu qopqoqlari va 22 dyuymli qora disklar kiradi.

Radiator panjarasining o‘zi LS, LT, RST va Premier versiyalarida odatda $1 150 ga taklif qilinadi.

High Country uchun paket saqlanib qolgan

High Country versiyasida Premium Dark Essentials paketi hali ham mavjud. Chunki bu to‘plamda muammoli radiator panjarasi ishlatilmaydi.

High Country uchun paket qora yozuvlar, qora ko‘zgu qopqoqlari, yoritiladigan qora Chevrolet emblemasi va 24 dyuymli qora disklarni o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, o‘qing: Chevrolet’ning ikki modelida ayrim funksiyalar olib tashlandi

Uning narxi $5 340, qora kuzov bilan birga tanlanganda esa $5 000 ni tashkil qiladi.

2027-yilgi Tahoe va Suburban uch xil dvigatel bilan taklif etiladi: 5,3 litrli V8, 6,2 litrli V8 va 3,0 litrli olti silindrli Duramax turbodizel. Har ikki model AQShning Texas shtatidagi Arlington zavodida ishlab chiqariladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chevrolet Trax 2027 qanday ichki qismda chiqishi haqida xabar berilgandi.

Shuningdek