Fuqarolar nomiga 219 mln so‘m kredit olgan shaxslar ushlandi

Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida fuqarolar nomiga 219 mln so‘mlik imtiyozli kredit rasmiylashtirib, mablag‘larni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatgan shaxslar fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
Besh fuqaroning elektron imzosidan foydalanilgan
Departamentning G‘allaorol tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda «Xonimqo‘rg‘on» MFY hokim yordamchisi, tijorat bankining G‘allaorol bank xizmatlari markazi mas’ul xodimlari va boshqa shaxslar besh nafar fuqaroning elektron imzosini qo‘lga kiritgani aniqlangan.
Ular ushbu fuqarolar nomiga jami 219 mln so‘mlik imtiyozli kredit ajratib, mablag‘larni o‘z ehtiyojlari uchun sarflaganlikda gumon qilinmoqda.
Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirgi kunda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Farg‘onada soxta hujjatlar bilan 428,8 mln so‘m kredit olgan shaxslar aniqlangani haqida yozgan edi.