Mashina ham kerak, lekin kelajak kelinlari uchun uy kerak — prezident

eʼlon qilindi
Prezident shaxmatchilarga hazil qildi
Foto: prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev shaxmat bo‘yicha Olimpiada chempionlari bilan uchrashuvda ularga beriladigan mukofotlar haqida gapirib, «Mashina ham kerak, lekin kelajak kelinlari uchun uy kerak», deya samimiy hazil qildi. Chempionlarga uy-joy, avtomobil va pul mukofotlari berildi. 

Davlat rahbari har bir shaxmatchining ortida uning ota-onasi, birinchi ustozi, murabbiylari va uni qo‘llab-quvvatlagan butun jamoa turganini ta’kidladi. Shu bois Olimpiadadagi tarixiy g‘alaba nafaqat sportchilarning, balki ularning yaqinlari va ustozlarining ham mehnati samarasi ekani qayd etildi.

«Ustozning eng katta g‘alabasi — shogirdlarining undan ham baland marralarga chiqishidir»

Prezident o‘zbek shaxmatining afsonaviy vakillaridan biri Rustam Qosimjonovga alohida murojaat qildi.

Davlat rahbari Qosimjonovning jahon chempionligini qo‘lga kiritishi O‘zbekiston shaxmatida yangi davrni boshlab berganini, bugun esa uning ko‘p yillik tajribasi yangi avlod shaxmatchilariga o‘tayotganini ta’kidladi.

«Ustozning eng katta g‘alabasi — shogirdlarining undan ham baland marralarga chiqishidir», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident bugun O‘zbekiston shaxmatida ana shunday avlodlar davomiyligi yaqqol namoyon bo‘layotganini qayd etdi.

O‘zbekiston shaxmati xalqaro maydonda ham e’tirof etildi

Uchrashuvda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasining xalqaro e’tiroflari ham qayd etildi.

Federatsiya FIDE tomonidan «Eng yaxshi federatsiya» deb e’tirof etildi. Rustam Qosimjonov FIDEning faxriy vitse-prezidenti, Hulkar Tohirjonova esa Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy prezidenti etib saylandi.

Davlat rahbari bu e’tiroflarni O‘zbekistonning shaxmat mamlakati sifatida xalqaro maydondagi nufuzi oshib borayotganining yana bir dalili sifatida qayd etdi.

Shu tariqa Samarqandda o‘tgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasidagi tarixiy g‘alaba ortidan O‘zbekiston shaxmatining chempionlari, ularning ustozlari va federatsiya faoliyati ham alohida e’tirof etildi.

Avvalroq Samarqandda 46-Jahon shaxmat olimpiadasida g‘olib bo‘lgan O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi a’zolariga kottej, avtomobil va $200 mingdan pul mukofoti topshirilgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek