Oktabrda harorat 2 daraja sovuqqacha tushishi mumkin

eʼlon qilindi
Oktabr yomg‘ir bilan boshlanadi
Oktabrda harorat 2 daraja sovuqqacha tushishi mumkin
Foto: depositphotos

2026-yil oktabr oyi O‘zbekistonda beqaror ob-havo bilan boshlanadi. Oy davomida iliq va salqin davrlar almashib turishi, shimoliy hududlarda ayrim paytlarda tungi harorat 0–2 daraja sovuqqacha pasayishi mumkin.

«O‘zgidromet» xabariga ko‘ra, oktabrda o‘rtacha oylik havo harorati iqlimiy me’yor atrofida, ayrim hududlarda esa undan yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Yog‘ingarchilik esa hududlar bo‘yicha notekis taqsimlanadi.

Oktabr yomg‘ir bilan boshlanadi

1-oktabr kuni respublikaning markaziy va sharqiy viloyatlarida nam hamda nisbatan salqin havo saqlanadi. Ayrim joylarda yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda.

Eng kuchli yog‘ingarchilik tog‘oldi va tog‘li hududlarda bo‘lishi mumkin. Baland tog‘larda esa yomg‘ir qorga aylanish ehtimoli bor.

2 – 4-oktabr kunlari O‘zbekistonning katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi va havo harorati asta-sekin ko‘tarila boshlaydi.

5 – 7-oktabrda yana sovuq havo kirib keladi

4-oktabr kuni shimoli-g‘arbiy hududlarga yangi sovuq va nam havo oqimi kirib kelishi kutilmoqda. 5 – 7-oktabr kunlari ushbu havo massasi mamlakatning barcha hududlariga tarqaladi.

Oy davomida iliq kunlarda tungi harorat 10–13 daraja, kunduz kuni esa 25–28 darajagacha ko‘tarilishi mumkin.

Sovuq havo kirib kelgan davrlarda harorat kechasi 3–8 daraja, kunduzi 15–20 darajagacha pasayishi kutilmoqda.

Shimoliy hududlarda sovish kuchliroq bo‘lib, kechasi 0–2 daraja sovuq, kunduzi esa 10–15 daraja iliq bo‘lishi mumkin.

DavrKutilayotgan ob-havo
1-oktabrMarkaziy va sharqiy hududlarda yomg‘ir, tog‘larda kuchli yog‘ingarchilik
2 – 4-oktabrAsosan quruq, harorat ko‘tariladi
5 – 7-oktabrSovuq va nam havo mamlakat bo‘ylab tarqaladi
Iliq davrlardaKechasi 10–13, kunduzi 25–28 daraja
Salqin davrlardaKechasi 3–8, kunduzi 15–20 daraja
Shimoliy hududlardaKechasi 0–2 daraja sovuqqacha, kunduzi 10–15 daraja

Ayrim viloyatlarda yomg‘ir me’yordan ko‘p bo‘lishi mumkin

Oktabrda O‘zbekiston shimolida yog‘ingarchilik miqdori iqlimiy me’yordan kam bo‘lishi kutilmoqda. Markaziy va janubi-sharqiy hududlarda esa ko‘rsatkich asosan me’yor atrofida bo‘ladi.

Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari, shuningdek, Farg‘ona vodiysining ayrim tumanlarida yog‘ingarchilik miqdori me’yordan ko‘p bo‘lishi ehtimoli bor.

Oktabrda odatda yomg‘ir necha kun yog‘adi

Iqlimiy me’yorga ko‘ra, oktabr oyida O‘zbekistonda yomg‘ir odatda 4 – 6 kun, tog‘larga yaqin hududlarda 7 – 9 kun yog‘adi. Eng chekka janubiy hududlarda esa yog‘ingarchilik kunlari 1 – 3 kunni tashkil etadi.

Ko‘p yillik o‘rtacha yog‘ingarchilik miqdori 13–25 mm, tog‘larda 27–70 mm, shimoliy, janubiy va cho‘l hududlarida 3–11 mm atrofida bo‘ladi.

Oktabrda keskin sovish oqibatida yomg‘irning qisqa muddatga qorga aylanishi ham mumkin. Bunday holatlar juda kam — o‘rtacha 8 – 10 yilda bir marta kuzatiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq hafta o‘rtasida yomg‘ir yog‘ib, havo salqinlashishi haqida xabar berilgandi. 30-sentabr va 1-oktabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidan tashqari respublikaning ayrim hududlarida yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq kuzatilishi mumkin.

Shuningdek