Talabaga to‘langan ish haqining 50 foizini subsidiyalash taklif qilindi

eʼlon qilindi
Dual ta’limda talabaning oliygohdagi nazariy o‘qishi korxonadagi amaliyot bilan birlashtiriladi
Talabaga to‘langan ish haqining 50 foizini subsidiyalash taklif qilindi
Foto: prezident matbuot xizmati

O‘zbekistonda dual ta’lim doirasida talabalarni amaliyotga qabul qilgan korxonalarga talaba uchun to‘langan ish haqining 50 foizini subsidiya sifatida qoplash taklif qilinmoqda. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan oliy ta’limni rivojlantirish bo‘yicha takliflarda ma’lum qilindi.

Taklifga ko‘ra, talabalar uchun o‘qish va amaliyot sharoitini yaratgan hamda ularni keyinchalik ishga joylashtirgan korxonalarga boshqa rag‘batlantirish choralari ham berilishi mumkin. Jumladan, bojxona to‘lovlari va amortizatsiya bo‘yicha imtiyozlar, shuningdek 25 nafardan ortiq talabani amaliyotga olgan korxonalarga davlat xaridlarida preferensiyalar qo‘llash ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda uchinchi va to‘rtinchi bosqich talabalarining kamida 80 foizini, ya’ni 185 ming nafar yoshni dual ta’lim bilan qamrab olish maqsadi belgilandi. Dual ta’limda talabaning oliygohdagi nazariy o‘qishi korxonadagi amaliyot bilan birlashtiriladi. Dastlab muhandislik, ishlab chiqarish, qurilish va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlariga ustuvorlik berilishi rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, o‘qing: «Yangi agronom» va «Ustoz-shogird» tizimlari joriy etiladi

75 ta oliygoh va 3,5 mingta korxona jalb qilinadi

2027/2028-o‘quv yilida dual ta’limga 75 ta oliygoh va 3,5 mingta korxonani jalb qilish, 12,5 ming talaba uchun o‘qish va amaliyotni birgalikda tashkil etish rejalashtirilgan. Hozir Andijon viloyatida 11 ming talaba 2 mingta korxonada shu tizim asosida amaliyot o‘tamoqda.

Yangi modelda oliygoh, korxona va talaba o‘rtasidagi munosabatlar shartnoma asosida yo‘lga qo‘yiladi. Talabaga korxonada malakali murabbiy biriktiriladi, o‘quv dasturi esa ish beruvchining ehtiyojiga moslashtiriladi.

2027-yilgacha 1,3 mingta yangi darslik va material tayyorlanadi

Foto: prezident matbuot xizmati

Maktab ta’limida ham yangi avlod darsliklarini joriy etish davom ettiriladi. 2027-yilga qadar jami 1,3 ming nomdagi darslik va o‘quv-metodik material tayyorlash rejalashtirilgan.

Boshlang‘ich sinf darsliklari Finlyandiya ta’lim alyansi sertifikatsiyasidan o‘tgan. 5 – 7-sinflar uchun matematika, fizika, kimyo va biologiya darsliklari esa Singapur darsliklari asosida ishlab chiqilgan.

Yangi darsliklarda tanqidiy fikrlash, muloqot, hamkorlik, ijodkorlik, moliyaviy va raqamli savodxonlikka ko‘proq e’tibor qaratiladi.

Shuningdek, o‘qing: O‘zbekistonda amaliy magistratura tizimi joriy etiladi

Xivada Xitoy universiteti filiali ochiladi

Foto: prezident matbuot xizmati

Taqdimotda Xitoyning Lyaonin pedagogika universitetining O‘zbekistondagi filialini tashkil etish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Xiva shahridagi filialda xalqaro xitoy tili ta’limi, xalqaro biznes, turizm boshqaruvi va sun’iy intellekt yo‘nalishlari ochilishi rejalashtirilgan. Ta’lim o‘zbek, xitoy va ingliz tillarida olib boriladi. Bitiruvchilarga O‘zbekiston va Xitoyda tan olinadigan diplom berilishi ko‘zda tutilgan. Ta’lim jarayonini 2026/2027-o‘quv yilida boshlash rejalashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda Amir Temur nomidagi davlat stipendiyasi joriy etilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasiga ko‘ra, stipendiya sohiblari bakalavriatni tugatgach, bir yil ichida magistraturaga tanlovsiz va qo‘shimcha davlat granti asosida qabul qilinishi mumkin.

Shuningdek