Toshkentdagi yettita davlat binosi 73,5 mln dollarga sotildi

Toshkent shahrida vazirlik va idoralarga tegishli yettita ma’muriy bino jami 868,8 mlrd so‘mga yoki qariyb $73,5 mlnga sotildi. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma’lum qildi.
Sotuvlar davlat organlari va davlat ishtirokidagi tashkilotlarni Yangi Toshkentga ko‘chirish jarayoni doirasida amalga oshirilmoqda.
Qaysi binolar sotildi
Sotilgan obyektlar orasida Transport vazirligi, Sport vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Turizm qo‘mitasi huzuridagi Turistlarga xizmat ko‘rsatish markazi DUK, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi hamda Davlat xizmatlari agentligi binolari bor.
Yana 11 ta obyekt savdoga chiqarildi
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, boshlang‘ich narxi 1,1 trln so‘m bo‘lgan yana 11 ta obyekt ochiq savdoga qo‘yilgan.
Xususan, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi, Suv xo‘jaligi vazirligi hamda ularning tizim tashkilotlariga tegishli ayrim binolar bo‘yicha savdolar davom etmoqda.
Bundan tashqari, yana 20 ta obyekt bo‘yicha sotuvdan oldingi tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Jami 83 ta obyekt sotilishi ko‘zda tutilgan
Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, Toshkentdagi 83 ta ko‘chmas mulk obyektini ochiq savdolarda sotish rejalashtirilgan. Hozirgacha ularning yettitasi sotilgan, yana 31 tasi savdo va tayyorgarlikning turli bosqichlarida turibdi.
Mablag‘ Yangi Toshkentga yo‘naltiriladi
Sotuvdan tushgan mablag‘lar Yangi Toshkentda ma’muriy infratuzilma qurilishiga yo‘naltiriladi. Jarayon doirasida 150 ta davlat organi va davlat ishtirokidagi tashkilotni Yangi Toshkentga ko‘chirish rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qurilish inspeksiyasiga yangi vakolatlar berilishi haqida yozgan edi.