Valyuta qonunchiligidagi ayrim jarimalarni 50 foizga kamaytirish taklif qilindi

O‘zbekistonda tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha aktivlarni o‘z vaqtida qaytarmagan tadbirkorlarga qo‘llanadigan moliyaviy jarimalarni 50 foizga kamaytirish taklif qilinmoqda. Tegishli qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Hujjat «Valyutani tartibga solish to‘g‘risida»gi Qonunga qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi. Amaldagi tartibga ko‘ra, tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha aktivlar belgilangan muddatda qaytarilmasa, tadbirkorlarga qaytarilmagan summa asosida moliyaviy jarima qo‘llanadi.
Biroq ayrim holatlarda tadbirkor o‘ziga bog‘liq barcha choralarni ko‘rgan bo‘lsa ham, xorijiy hamkorning harakatlari, to‘lov tizimlaridagi cheklovlar yoki boshqa obyektiv sabablar tufayli mablag‘ni o‘z vaqtida qaytara olmasligi mumkin.
Shunday vaziyatlarda sudlarga holatni hisobga olib, jarima miqdorini 50 foizga kamaytirish imkonini berish taklif qilinmoqda.
Shuningdek, o‘qing: Dollar valyutasida pul saqlash qanchalik to‘g‘ri
2025-yilda 3,3 trln so‘mlik jarima qo‘llangan
Qonun loyihasi muhokamasida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, iqtisodiy sudlar 2024-yilda qariyb 3,5 ming tadbirkorga jami 752 mlrd so‘mlik moliyaviy jarima qo‘llagan.
2025-yilda esa 9,1 mingdan ortiq tadbirkorga qo‘llangan jarimalar hajmi 3,3 trln so‘mga yetgan.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi. Shu sabab undagi 50 foizlik kamaytirish normasi hozircha yakuniy kuchga kirgan tartib emas.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank raqamli so‘mni ishga tushirmasligi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Regulyator 2026 – 2029-yillarga mo‘ljallangan ulgurji raqamli so‘mni o‘rganish bo‘yicha 36 oylik yo‘l xaritasini taqdim etdi. Biroq loyiha yakunida raqamli valyutani to‘liq joriy qilish kafolatlanmagan.