Ayrim onalarning bolalari uchun bog‘cha puli davlat tomonidan to‘lanadi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Ushbu tizim 2027-yilning 1-yanvaridan boshlanadi
Foto: prezident matbuot xizmati

Kelasi yil 1-yanvardan 2 – 3 yoshli farzandini oilaviy bog‘chaga bergan ishlaydigan onalarning bog‘cha badali budjet hisobidan qoplanadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev «1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni» arafasida ustoz va murabbiylar bilan uchrashuvda ma’lum qildi. 

«Ayollar ishli bo‘lsa, oilaga qo‘shimcha daromad kiradi, bolalarning bilim olishiga ko‘proq sharoit yaratiladi», – dedi prezident.

Bog‘chalarda o‘yin orqali ta’lim beriladi

Uchrashuvda maktabgacha ta’lim tizimidagi yangi yondashuvlar ham taqdim etildi. Italiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Singapur va Xitoy tajribasi asosida milliy qadriyatlarga mos dastur ishlab chiqilgan.

Hozir 180 ming tarbiyachi va pedagog yangi metodika bo‘yicha o‘qitilmoqda. O‘yin orqali ta’lim berishga qaratilgan dastur ayni paytda bog‘chalarning 30 foizida amal qilmoqda. Yil oxirigacha u 38 mingdan ortiq bog‘chalarning barchasiga joriy etilishi rejalashtirilgan.

Toshkentda UNESCO shafeligida bolalarni erta yoshdan ta’limga jalb qilish mintaqaviy markazi hamda Italiyaning Rejjio Emiliya markazi ish boshlagan.

Tarbiyachilar uchun o‘qish muddati qisqaradi

Bog‘cha tarbiyachilariga ishlab turib oliy ma’lumot olish imkoniyati ham yaratilgan. Joriy yilda 7 ming tarbiyachi oliygohga kirib, haftasiga besh kun ishlab, bir kun tahsil olmoqda.

Kelasi o‘quv yilidan pedagogika oliygohlarida tarbiyachilar uchun o‘qish muddati to‘rt yildan uch yilga qisqartiriladi. Bundan bog‘chada kamida besh yil ishlagan tarbiyachi yordamchilari ham foydalanishi mumkin.

Avvalroq o‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta’lim-tarbiya tizimida faoliyat yuritayotgan bir guruh xodimlar faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotlangandi.

Shuningdek