Bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun 25 yil qamoq ham berilishi mumkin — loyiha

O‘zbekistonda 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan ayrim o‘ta og‘ir jinsiy jinoyatlar uchun 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgilash nazarda tutilmoqda. Tegishli qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
Qonun loyihasi «Adolat» SDP fraksiyasi tashabbusi bilan kiritilgan bo‘lib, bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimini kuchaytirishga qaratilgan.
14 yoshga to‘lmagan bolalarga qarshi jinoyatlar uchun jazo kuchayadi
Loyihaga ko‘ra, 14 yoshga to‘lmagan bolaga nisbatan nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish jinoyatlari uchun 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod qamoq jazosi belgilanishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan sodir etilgan jinoyatlar uchun shartli hukm qilish va muddatidan ilgari shartli ozod qilish imkoniyatlarini cheklash taklif qilinmoqda.
Bolaning jinsiy erkinligiga qarshi ayrim jinoyatlarda javobgarlikka tortish va jazoni ijro etish muddatlarini qo‘llamaslik ham ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, o‘qing: Namangandagi bog‘chada 5 yoshli qizga jinsiy zo‘ravonlik: ayrim xodimlar ishdan olindi
Jabrlangan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam beriladi
Qonun loyihasida zo‘ravonlikdan jabrlangan voyaga yetmaganlarni so‘roq qilish jarayonini videoyozuv orqali qayd etish nazarda tutilmoqda.
Jabrlangan bolani gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi bilan yuzlashtirish maxsus tartibda o‘tkazilishi kerak bo‘ladi.
Shuningdek, jinsiy zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tartibi aniqlashtirilgan.
Pedagog bolaga zo‘ravonlik qilsa, ishdan bo‘shatilishi mumkin
Shuningdek, o‘qing: Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik: Qodirov o‘lim jazosini, Bekmurodov umrbod qamoqni taklif qildi
Ta’lim tashkiloti xodimi ta’lim-tarbiya jarayonida bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etsa, bu mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusi bilan bekor qilish uchun asos bo‘lishi taklif qilinmoqda.
Bundan tashqari, bolalarni tarbiyalash majburiyatini bajarmaslik, voyaga yetmaganlarni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish, Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar qarorlarini bajarmaslik yoki ularning ijrosiga to‘sqinlik qilish uchun javobgarlikni kuchaytirish nazarda tutilgan.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Aripovga bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha senator so‘rovi yuborilgandi. So‘rovda sog‘liqqa, jinsiy erkinlikka, oilaga, yoshlarga va axloqqa qarshi jinoyatlar sodir etgan shaxslar bo‘yicha maxsus reyestrning amaldagi holati va undan amaliyotda foydalanish darajasi haqida ma’lumot berish so‘ralgan.