Fransiyada minglab o‘quvchilar namoyishga chiqdi

eʼlon qilindi
Ta’lim jarayoni ishdan chiqqan
Foto: AFP

Fransiyada litsey o‘quvchilari mamlakatdagi ta’lim sharoitlari va maktablardagi muammolarga qarshi namoyishlar o‘tkazmoqda. 29-sentabr kuni mamlakat bo‘ylab 330 dan ortiq litseylarda o‘quvchilar aksiyasi sabab ta’lim jarayoni izdan chiqqan. 30-sentabr kuni ham ayrim shaharlarda namoyish va blokadalar davom etgan. Bu haqda Reuters xabar berdi.

O‘quvchilar nimadan norozi

Namoyishchilarning asosiy talab va e’tirozlari orasida sinflardagi o‘quvchilar sonining ko‘pligi, o‘qituvchilar yetishmasligi, maktablardagi moddiy sharoit va dars jadvallaridagi muammolar bor.

Parij chekkasidagi Sen-Deni va boshqa hududlarda o‘quvchilar maktablardagi sharoit, darslarning bekor qilinishi va o‘qituvchilar yetishmasligidan norozilik bildirgan. Ayrim o‘quvchilar o‘zlarining bakalavr imtihoniga tayyorgarligiga ham bu muammolar ta’sir qilayotganini aytgan.

Ariye hududidagi Sen-Jiron shahrida esa o‘quvchilar sinflarda 30 – 36 nafargacha bola bo‘lishi, xonalarning yaxshi jihozlanmagani, konditsioner yetishmasligi va dars jadvallarining haddan tashqari zichligidan shikoyat qilgan.

400 ga yaqin ta’lim muassasasida aksiya kuzatildi

Fransiya Ta’lim vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 29-sentabr kuni 400 ga yaqin maktabda namoyish yoki boshqa tartibdagi ta’lim jarayonining buzilishi qayd etilgan. AFP esa mamlakatdagi qariyb 3 700 ta litseyning 400 tasida aksiyalar kuzatilganini, 40 ta litsey to‘liq bloklanganini va yana 44 tasida blokada qilishga urinish bo‘lganini yozdi.

Le Monde ma’lumotiga ko‘ra, 29-sentabr kuni 410 ga yaqin ta’lim muassasasida turli aksiyalar qayd etilgan. Ta’lim vazirligi esa 45 ta muassasa to‘liq bloklanganini va yana 46 tasida blokada qilishga urinish bo‘lganini bildirgan.

Namoyishlar ayrim joylarda to‘qnashuvlarga aylandi

Aksiyalarning aksariyati tinch o‘tgan bo‘lsa-da, ayrim shaharlarda vaziyat keskinlashgan. Lill va Lionda chiqindi qutilari va boshqa buyumlar yoqilgan, ayrim namoyishchilar politsiyaga turli buyumlarni uloqtirgan.

Reuters ma’lumotiga ko‘ra, 30-sentabr holatiga namoyishlar boshlanganidan beri 76 kishi – o‘quvchilar va ta’lim xodimlari jarohatlangan. Ichki ishlar vaziri Laurent Nunez esa 440 kishi qo‘lga olinganini, ularning aksariyati voyaga yetmaganlar ekanini bildirgan.

Fransiya ta’lim vaziri Edouard Geffray o‘quvchilarning ayrim talablarini «qonuniy» deb atagan, biroq namoyishlardagi zo‘ravonlikni qoralagan.

Namoyishlar butun mamlakatga tarqaldi

Harakat dastlab Parij atrofidagi Ile-de-France hududida boshlangan. Keyinchalik Fransiyaning boshqa shaharlariga ham tarqalgan. O‘quvchilar 29-sentabr kuni davlat sektoridagi umumiy ish tashlash va namoyishlarga ham qo‘shilgan.

Avvalroq Ispaniyaning turli hududlarida Seuta eksklavidagi migratsiya inqirozi va hukumatning vaziyatga munosabati sabab o‘n minglab odamlar namoyishga chiqqani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek