
Huawei Mate 90 Pro Max Collector’s Edition smartfoni rasmiy taqdimotdan bir kun oldin jonli suratlarda namoyish etildi. Xitoyning Mydrivers nashri qurilmaning dizayni va kamerasi yordamida olingan namunaviy suratlarni e’lon qildi.
Korpus elementlarini almashtirish mumkin
Smartfonning namoyish etilgan versiyasi Florence Jade uslubidagi zumrad-yashil korpusga ega. Yorug‘likka qarab uning rangi o‘zgarib turadi, oltinsimon-yashil ramka esa dumaloq Mate Star Ring kamera bloki bilan uyg‘unlashtirilgan.
Collector’s Edition uchun modulli g‘ilof ham tayyorlangan. Unda orqa panel, kamera atrofidagi halqa va pastki funksional qismlarni alohida almashtirish mumkin.

Qo‘shimcha modullar orasida aromatizator, ko‘zgu va portret suratga olish uchun yoritish elementi ham bor.
Kamera 240 mm gacha fokus masofasini qo‘llaydi
Mydrivers Huawei Mate 90 Pro Max kamerasini 48, 96 va 240 mm fokus masofalarida sinab ko‘rgan.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, 240 mm masofada ham uzoqdagi obyektlarning ayrim detallari, jumladan, haykallar yuzi, kiyim va devor teksturasi saqlanib qolgan.
Kunduzgi suratlarda ranglar tabiiy chiqishi, tungi portretlarda esa teri rangi, kiyim detallari va fon yorug‘liklari bir vaqtda yaxshi saqlanishi qayd etilgan.

HarmonyOS 7 bilan ishlaydi
Smartfon ikkinchi avlod Linglong displeyi bilan jihozlangan. Nashr ekran yuqori yorqinlik va yaxshi aniqlikka ega ekanini ta’kidlagan.
Huawei Mate 90 Pro Max HarmonyOS 7 operatsion tizimida ishlaydi. Sinovda interfeys harakatlarga tez javob bergani, ilovalar o‘rtasidagi o‘tish va kontentni varaqlash ravon kechgani qayd etilgan.
Huawei Mate 90 Pro Max’ning rasmiy taqdimoti 1-oktabrga rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Huawei Nova 16z smartfoni sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.