Jetour G700 avtomobili sotuvga chiqdi — narx

30-sentabr 2026 07:50 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Jetour G700 avtomobili sotuvga chiqdi — narx
Foto: Jetour

Jetour Zongheng G700 modeli Xitoy bozorida sotuvga chiqdi. Xalqaro bozorda Jetour G700 nomi bilan taklif qilinadigan avtomobil Huawei’ning Qiankun ADS 5.0 aqlli haydovchilik tizimi bilan jihozlangan.

Narxlar $48,5 mingdan boshlanadi

Jetour G700 besh xil komplektatsiyada taklif etiladi. Bazaviy Tanye Edition 150 besh o‘rinli versiyasi $48,5 mingdan, Zongye Edition 150 esa $51,9 mingdan boshlanadi.

Huawei tizimi bilan jihozlangan Zhijing Qiankun Edition 150 narxi $56,8 mingni tashkil qiladi. 260 km elektr yurish zaxirasiga ega versiyalar esa $60,4 mingdan $65,1 minggacha baholangan.

Dizayn deyarli saqlanib qoldi

2027-yilgi model avvalgi G700’ning yirik va yo‘ltanlamas uslubini saqlab qolgan. Orqa qismdagi tashqi zaxira g‘ildiragi ham o‘z joyida qolgan.

Foto: Sohu

Yangilanishlar orasida soddalashtirilgan radiator panjarasi, yangi g‘ildirak dizayni hamda kuzov rangidagi old va orqa bamperlar bor.

Avtomobilning uzunligi 5 198 mm, eni 2 050 mm, balandligi 1 956 mm. G‘ildirak bazasi 2 870 mm ni tashkil etadi.

Salonda 35,4 dyuymli ekran bor

Jetour G700 salonida 35,4 dyuymli «Horizon» ekran va 15,6 dyuymli 2.5K markaziy displey o‘rnatilgan.

Multimedia tizimi Qualcomm Snapdragon 8 255 chipida ishlaydi. Jihozlar ro‘yxatiga ikkita 50 Vt simsiz quvvatlash qurilmasi, avtomobil sovutkichi va Lexicon audio tizimi ham kiradi.

Model besh va olti o‘rinli variantlarda taklif etiladi. Old o‘rindiqlarda isitish, ventilyatsiya va massaj funksiyasi mavjud.

Olti o‘rinli versiyalarda ikkinchi qator uchun «nol gravitatsiya» o‘rindiqlari, besh o‘rinli variantlarda esa tomga o‘rnatilgan ko‘ngilochar ekran ko‘zda tutilgan.

Foto: Sohu

892 ot kuchi va 260 km gacha elektr yurish zaxirasi

Jetour G700 2 litrli turbo dvigatelga ega plug-in gibrid tizim bilan jihozlangan. Umumiy quvvat 665 kVt yoki 892 ot kuchini tashkil etadi.

150 km CLTC yurish zaxirasiga ega uchta versiyada CATL’ning 34,13 kVt·soatlik LFP batareyasi ishlatiladi. 260 km CLTC zaxirasiga ega ikki versiyada esa 59,45 kVt·soatlik uch komponentli litiy batareya o‘rnatilgan.

WLTP bo‘yicha bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 122 va 211 km ni tashkil etadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Jetour T1 avtomobilining arzon versiyasi sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.

Shuningdek